FQB rahbari Tramp inauguratsiyasi oldidan o‘z lavozimini tark etmoqchi

Olam

image

AQSH Federal qidiruv byurosi direktori Kristofer Rey AQSH Prezidenti Jo Baydenning vakolat muddati tugagach, iste’foga chiqish niyatida. Bu haqda kecha, 11 dekabr kuni Qo‘shma Shtatlar Adliya vazirligi xabar berdi.

Bosh prokuror Merrik Garland Rey AQSHning har ikki prezidenti davrida o‘z mamlakatiga halollik va mahorat bilan xizmat qilganini aytdi va FQB direktori lavozimida ishlaganida u FQB mustaqilligini jinoiy tergovlarni olib borishda nomaqbul ta’sirlardan himoya qilish uchun mas’ul bo‘lganini ta’kidladi.

“Bu mustaqillik qonun ustuvorligini ta’minlashda markaziy o‘rin tutadi”, degan Garland.

Qo‘shma Shtatlar qonunlariga ko‘ra, FQB direktori agentlikni siyosiy ta’sirdan himoya qilish uchun o‘n yil davomida o‘z lavozimini egallashi kerak.

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp bu qarorni olqishladi va Kristofer Reyning vakolat muddati tugashiga hali uch yil qolganini inobatga olib, uni “saxiylik” deb atadi. Biroq u allaqachon Milliy razvedka direktorining sobiq maslahatchisi va Trampning birinchi muddatida mudofaa vazirining shtab boshlig‘i bo‘lgan 44 yoshli Kesh Patelni FQBning yangi rahbari etib tayinlash niyatidaligini ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, Kesh Patel 2005 yilda huquqshunoslik fakultetini tamomlagandan so‘ng, sakkiz yil Florida shtatida jamoat himoyachisi bo‘lib ishlagan. Dastlab Mayami-Deyd okrugi jamoat himoyachisi idorasida, keyinroq federal jamoat himoyachisi sifatida xizmat qilgan. Patel 2019 yilning fevral oyida Trampning birinchi prezidentlik davrida Milliy xavfsizlik kengashi xodimi sifatida ishga qabul qilingan, Xalqaro tashkilotlar va alyanslar direksiyasida ishlagan. 2019 yilning iyul oyida Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining katta direktori bo‘lgan. “The Wall Street Journal” xabariga ko‘ra, Patel 2020 yilning boshida Damashqda maxfiy missiyani olib borgan. Tramp Patelni Ukraina siyosati bo‘yicha eng yaxshi mutaxassislardan biri, deb atagan.


Maqola muallifi

Teglar

FQB Kesh Patel'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing