FQB Nyu-York merining O‘zbekiston bilan aloqasini tekshirmoqda
Olam
−
27 Sentabr
9687Nyu-York meri Erik Adamsning O‘zbekiston bilan aloqasi Federal qidiruv byurosi tomonidan tekshirilmoqda. Bu haqda “New York Daily News” habar berdi.
Erik Adams Federal prokurorlar tomonidan turk amaldorlari va ishbilarmonlaridan saylovoldi tashviqoti uchun noqonuniy moliyaviy yordam olishda ayblanmoqda.
Shuningdek, hokimiyat manfaatlarini suiiste’mol qilgani uchun uning yana beshta xorijiy davlat bilan aloqasi tekshirilmoqda. Bu davlatlar: Isroil, Xitoy, Qatar, Janubiy Koreya va O‘zbekistondir.
Erik Adams matbuotning mavjud vaziyat yuzasidan savollariga javob berar ekan, chet davlatlar bilan o‘zaro do‘stona munosabatlarining g‘ayritabiiy deb baholanayotganidan hayratdaligini bildirdi.
“Isroildan tashqari eng katta yahudiy aholi Nyu-Yorkda yashaydi. Ha, ko‘p mamlakatlar bilan bo‘lgani kabi Isroil bilan ham yaxshi munosabatdaman. Sheriklarimizdan biri bo‘lgan Isroil bilan munosabatlarimiz borligining nimasi ajablanarli?”, dedi u.
Federallar bir qator masalalarni, jumladan, Adamsning Turkiyaga ko‘p martalik safarlari, Turkiya bilan aloqasi bo‘lgan xayriya kampaniyasi va boshqalarni ko‘rib chiqmoqda. Nashrning yozishicha, Nyu-York shahrida Turkiya konsulligining ochilishini tezlashtirishda Adamsning qo‘li bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 20 yillik politsiyachi Erik Adams 2021 yil 4 noyabr kuni Nyu-York meri etib saylangan edi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tkan yili Nyu-Yorkka borgan O‘zbekiston rasmiylaridan o‘sha paytdagi Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyeva va Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov shahar meri bilan uchrashgan.
Maryam Choriyeva
LiveBarchasi