FQB Kirkning qotillari haqidagi ma’lumot uchun mukofot e’lon qildi

Olam

image

AQSH Federal qidiruv byurosi (FQB) mamlakat Prezidenti Donald Trampning ashaddiy tarafdori Charli Kirkning o‘ldirilishiga aloqadorlarni aniqlash va qo‘lga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 100 ming dollargacha mukofot belgiladi. Bu haqda FQBning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qilindi.

“FQB 2025 yil 10 sentyabr kuni Yuta shtati Orem shahridagi Yuta vodiysi universitetida Charli Kirkning o‘ldirilishiga aloqador shaxs yoki shaxslarni aniqlash va qo‘lga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 100 ming dollargacha mukofot taklif qiladi”, deyiladi e’londa.

Shuningdek, FQBning Solt-Leyk-Siti bo‘limi Kirkning o‘ldirilishida gumon qilinayotgan shaxsning suratini e’lon qilib, jamoatchilikdan yordam so‘radi. 

“Biz jamoatchilikdan Yuta vodiysi universitetida Charli Kirkning o‘ldirilishiga aloqadorlikda gumon qilinayotgan shaxsning shaxsini aniqlashda yordam berishlarini so‘raymiz”, deyiladi e’londa. 

Fotosuratda oriq gavdali, qora sviter kiygan erkakni ko‘rish mumkin. Sviterda Amerika bayrog‘i va taxminan AQSHning milliy ramzi – burgut tasvirlangan. Shuningdek, u quyoshdan saqlovchi ko‘zoynak va qora kepka taqqan.

Bungacha FQB agenti Robert Bols Kirkka suiqasd chog‘ida ishlatilgan miltiq topilganini ma’lum qilgan. Uning bildirishicha, qurol hodisadan so‘ng gumonlanuvchi yashirinish uchun yo‘l olgan o‘rmonzor hududida topilgan. FQB laboratoriyasi miltiq ustida tahlil o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 10 sentyabr kuni 31 yoshli Charli Kirk Yuta shtatida, universitetdagi nutqi chog‘ida bo‘ynidan o‘q yeb, og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Keyinchalik AQSH Prezidenti Donald Tramp uning vafot etganini e’lon qilib, mamlakat bo‘ylab bayroqlarni tushirishni buyurgandi.

Charli Kirk kim edi?

31 yoshli Charli Kirk AQSHdagi eng mashhur konservativ faollardan biri edi. U 2012 yilda, 18 yoshida, biznesmen Bill Montgomeri bilan birga Turning Point USA tashkilotiga asos soldi. Bu nodavlat tuzilma talabalar orasida erkin bozor, cheklangan hukumat va “an’anaviy qadriyatlar”ni targ‘ib qiladi. Bugungi kunda Turning Point USA’ning 850 dan ortiq universitetlarda bo‘limlari mavjud.

Kirk mamlakat bo‘ylab universitetlarda ochiq debatlar o‘tkazar, podkastlar va ijtimoiy tarmoqlarda faol edi. U Trampning saylov kampaniyasida yoshlarni safarbar qilishda muhim rol o‘ynagan, ayniqsa, Arizonada ko‘p minglab yangi saylovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga ko‘maklashgan. Bu esa Trampning shtatdagi g‘alabasiga hissa qo‘shgan. Kirk Trampning inauguratsiyasiga taklif qilingan va doimiy ravishda Oq uy tadbirlarida ishtirok etgan. Tramp uni yoshlar orasidagi mashhurligi uchun muhim shaxs sifatida tilga olgan.

Ma’lumot uchun, Kirkning ayoli va ikki farzandi bor edi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Charli Kirk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing