Fizika bo‘yicha Nobel g‘oliblari e’lon qilindi

Olam

image

Fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari e’lon qilindi. Mukofot Jon Klark, Mishel Devore va Jon Martinisga “makroskopik darajada kvant tunnelini ochish va elektr zanjirida energiyani kvantlash”ni kashf etgani uchun berildi. Shvetsiya Qirollik Fanlar akademiyasining Nobel qo‘mitasi bu haqdagi qarorni bugun, 7 oktyabr kuni Stokgolmda e’lon qildi.

Mukofotlanganlar chipdagi elektr zanjiri bilan tajriba o‘tkazib, qo‘lda ushlab turadigan darajada katta tizimdagi kvant tunnelini va kvantlangan energiya darajasini ko‘rsatdi. 1984-1985 yillarda olimlar o‘tkazuvchan bo‘lmagan materialning yupqa qatlami bilan ajratilgan o‘ta o‘tkazuvchan komponentlardan foydalanganlar. Nobel qo‘mitasi veb-saytiga ko‘ra, natijada paydo bo‘lgan tizim o‘zini butun sxemani to‘ldiradigan bitta zarracha kabi tutgan.

Tajriba shuni ko‘rsatdiki, tizim kuchlanish paydo bo‘lishi bilan aniqlanadigan kvant tunnellari orqali energiya to‘sig‘ini yengib o‘tishga qodir. Shuningdek, tizim kvant mexanikasi tomonidan bashorat qilinganidek, aniq belgilangan qismlarda energiyani yutishi va chiqarishi isbotlangan. Bu kashfiyot kvant kompyuterlari, kvant kriptografiyasi va keyingi avlod sensorlarining rivojlanishiga asos soldi.

2024 yilda fizika bo‘yicha Nobel mukofoti neyron tarmoqlardan foydalangan holda mashinalarni o‘rganish sohasidagi tadqiqotlari uchun amerikalik Jon Xopfild va kanadalik Jefri Xintonga berildi.

2023 yilda fizika bo‘yicha Nobel mukofoti Ogayo universitetidan (AQSH) Per Agostini, Maks Plank instituti va Myunxendagi Lyudvig Maksimilian universiteti (Germaniya) xodimi Ferens Kraus va Lund universitetidan (Shvetsiya) Ann LʼYuilega berildi. Mukofot “moddadagi elektronlar dinamikasini o‘rganish uchun attosekundlik yorug‘lik impulslarini yaratuvchi eksperimental usullar” uchun berilgan.

Fizika bo‘yicha 2022 yilgi Nobel mukofoti sovrindorlari amerikalik Jon Klauzer, fransuz Alen Aspe va avstriyalik Anton Saylingerdir. Ular ushbu mukofotga kvant texnologiyasining yangi davriga asos solgan eksperimental asboblarni ishlab chiqqani uchun sazovor bo‘lgan.

Fizika bo‘yicha 2021 yilgi Nobel mukofoti nemis olimi Klaus Xasselman, italiyalik Jorjo Parizi va yapon-amerikalik Syukuro Manabega berildi. Xasselman va Manabe “Yer iqlimini fizik modellashtirish, o‘zgaruvchanlikni miqdoriy tahlil qilish va global isishni ishonchli bashorat qilish” uchun mukofotlangan.

2025 yilgi Nobel mukofotlarining ilk laureatlari 6 oktyabr kuni e’lon qilindi. Tibbiyot yoki fiziologiya bo‘yicha mukofot Meri E. Brunkov, Fred Ramsdell va Shimon Sakakuchiga “periferik immun tolerantligiga oid kashfiyotlari uchun” berildi.

Kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari nomi 8 oktyabr kuni e’lon qilinadi. Adabiyot mukofoti sovrindori 9 oktyabr kuni, tinchlik mukofoti sovrindori nomi esa 10 oktyabr kuni Osloda e’lon qilinadi. Shvetsiya Milliy banki tomonidan 1968 yilda ta’sis etilgan iqtisod fanlari bo‘yicha Alfred Nobel xotira mukofoti sovrindori nomi 13 oktyabr kuni e’lon qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

Nobel' mukofoti Fizika Jon Klark Mishel' Devore Jon Martinis

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing