Fitso gaz tranziti tufayli ukrainaliklarga yordamni to‘xtatish bilan tahdid qildi
Olam
−
03 yanvar 10509 2 daqiqa
Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso Rossiya gazining Ukraina orqali tranzitini to‘xtatishni Vladimir Zelenskiy tomonidan uyushtirilgan “sabotaj” deb atadi va ukrainalik qochqinlarga yordamni kamaytirish bilan tahdid qildi. Bu haqda u o‘zining Facebook sahifasida yozdi.
Ushbu tahdidga Kiyevning “Gazprom” bilan Rossiya gazini Ukraina orqali yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni uzaytirmagani sabab qilib ko‘rsatilgan.
“Men SMER sotsial-demokratik partiyam koalitsiyada elektr energiyasini yetkazib berishni to‘xtatish va Slovakiyada Ukraina fuqarolarini qo‘llab-quvvatlashni sezilarli darajada qisqartirish bo‘yicha muhokama qilish va kelishib olishga tayyorligini e’lon qilaman”, degan Fitso.
U Ukraina orqali gaz tranzitini to‘xtatishni Vladimir Zelenskiy tomonidan qilingan “sabotaj” deb atadi.
“Ukraina Prezidenti Zelenskiy Slovakiya Respublikasining davlat moliyasiga “sabotaj” qila boshladi va endilikda butun Slovakiya suveren davlat ekanini ko‘rsatishi kerak”, deb yozdi Fitso.
Zelenskiy Rossiya gazining Ukraina orqali tranzitini to‘xtatish Vladimir Putinning eng katta mag‘lubiyatlaridan biri ekanini aytdi. Ukraina Prezidenti “shaffof energetika siyosati o‘rniga Moskva bilan mafiya sxemalarini afzal ko‘rayotgan ba’zi yevropalik siyosatchilarning isteriyalariga dosh berishga” chaqirgan.
22 dekabr kuni tranzit to‘xtash arafasida Fitso Kremlga tashrif buyurdi va Vladimir Putin bilan gaz tranzitini to‘xtatish masalasini muhokama qildi. Bu siyosatchilarning sakkiz yil ichida birinchi shaxsiy muzokaralari edi.
Kecha, 2 yanvar kuni esa Yevropadagi kimoshdi savdosida gaz narxi bir megavatt/soat uchun 50,3 yevroga yetdi (1000 kub metr uchun taxminan 526 yevro). Narxning ushbu oshishi 2023 yilning oktyabr oyidan beri ko‘k yoqilg‘i narxining eng yuqori darajasidir. “Bloomberg” gaz narxining oshishini uchta omil kombinatsiyasi bilan izohlagan edi. Ulardan biri aynan Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi Ukraina orqali Yevropaga gaz tranzitini to‘xtatishi edi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 1 yanvar kunidan e’tiboran “Gazprom” Ukraina orqali gaz yetkazib berishni to‘xtatdi. Kompaniya 2019 yil 30 dekabrda “Gazprom” va Ukrainaning “Naftogaz” kompaniyasi o‘rtasida Rossiya gazini tashishni tashkil etish bo‘yicha imzolangan shartnoma va ikki mamlakat GTS operatorlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaning amal qilish muddati tugaganini eslatdi. Ukraina Energetika vazirligiga ko‘ra, Rossiya gazining Ukraina orqali tranziti “milliy xavfsizlik manfaatlari uchun” to‘xtatilgan. “Reuters” xabariga ko‘ra, Ukraina tranzitini to‘xtatish Moldovaga eng og‘ir ta’sir qiladi. Slovakiya, Chexiya va Avstriya kabi Rossiya gazining boshqa xaridorlari muqobil yetkazib berish yo‘llarini o‘rnatgan. Vengriya Rossiya gazini Turk oqimi gaz quvuri orqali olishda davom etadi.
Live
Barchasi