Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilyapti. Erdo‘g‘an niyatiga yetdi

Olam

image

Kecha, 28 iyun kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo, Shvetsiya Bosh vaziri Magdalena Andersson va NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ishtirok etgan to‘rt tomonlama yig‘ilishdan keyin Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiya o‘rtasida “Uchlik memorandum”i imzolandi. Bu haqda “Anadolu” axborot agentligi xabar bermoqda. 

Memorandumni Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li, Finlyandiya Tashqi ishlar vaziri Pekka Haavisto va Shvetsiya Tashqi ishlar vaziri Ann Linde imzolagan. Marosim Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘an, Finlyandiya Prezidenti Niinistyo, Shvetsiya Bosh vaziri Andersson va NATO Bosh kotibi Stoltenberg ishtirokida bo‘lib o‘tdi. 

Memorandumda qayd etilishicha, Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiya vakillari NATO Bosh kotibi Stoltenberg ko‘magida quyidagi masalalarda kelishib olgan. 

NATO umumiy mudofaa va xavfsizlikning ajralmas tamoyillari bilan umumiy qadriyatlarga asoslangan ittifoq ekanligini ko‘rsatib, memorandum quyidagi iboralarni o‘z ichiga oladi: 

“Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiya Vashington shartnomasida belgilangan tamoyillar va qadriyatlarga sodiqligini e’lon qiladi. Ittifoqning eng asosiy elementlaridan biri a’zo davlatlarning milliy xavfsizligiga, shuningdek, xalqaro tinchlik va barqarorlikka bevosita tahdid soladigan terrorizmning barcha ko‘rinishlariga qarshi kurashda to‘liq birdamlik va hamkorlikdir. 

Finlyandiya va Shvetsiya NATOning kelajakdagi ittifoqchilari sifatida Turkiyani milliy xavfsizligiga tahdid soladigan barcha tahdidlarga qarshi kurashda to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. 

Kelishuvlar doirasida Finlyandiya va Shvetsiya Turkiyada terrorchilik tashkiloti deb tan olingan “Kurdiston ishchi partiyasi”, Suriya “Xalq mudofaasi otryadi” va FETOni qo‘llab-quvvatlamaydi. O‘z navbatida Turkiya ham Finlyandiya va Shvetsiyani milliy xavfsizligiga tahdid soladigan barcha tahdidlarga qarshi kurashda to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. 

Finlyandiya va Shvetsiya terrorizmning barcha ko‘rinishlarini qat’iy ravishda rad etadi va qoralaydi. Finlyandiya va Shvetsiya barcha terror tashkilotlarining Turkiyaga qarshi uyushtirgan hujumlarini ochiq va so‘zsiz qoralab, Turkiya va qurbonlarning oilalari bilan chuqur birdamlik tuyg‘ularini izhor qilmoqda. Finlyandiya va Shvetsiya “Kurdiston ishchi partiyasi”ning taqiqlangan terror tashkiloti ekanligini tasdiqlaydi. 

Finlyandiya va Shvetsiya “Kurdiston ishchi partiyasi” va boshqa barcha terror tashkilotlari, ularning filiallari, shuningdek, unga aloqador yoki ular bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar va front tashkilotlari faoliyatining oldini olish majburiyatini oladi. 

Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiya bu terror tashkilotlari faoliyatining oldini olish maqsadida hamkorlikni kengaytirishga qaror qildi. Finlyandiya va Shvetsiya yuqorida sanab o‘tilgan terror tashkilotlarining ambitsiyalarini rad etadi”. 

Shvetsiya va Finlyandiyada terrorizmga oid qonunchilik

Memorandumda qayd etilishicha, Finlyandiya 2022 yil 1 yanvardan kuchga kirgan Jinoyat kodeksiga bir qator tuzatishlar kiritib, jazolanishi mumkin bo‘lgan terroristik jinoyatlar ro‘yxatiga yangi faoliyat turlarini qo‘shdi. Shu bilan birga, jamoat joylarida terrorizmga chorlash harakatlari alohida jinoyat sifatida jazolanishi eslatiladi. 

Memorandumda “Shvetsiya 2022 yil 1 iyuldan boshlab terrorchilik jinoyatlari to‘g‘risidagi yangi va samaraliroq qonun kuchga kirishini va hukumat terrorizmga qarshi qonunchilikni kuchaytirishda davom etishini tasdiqlaydi. Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiya bu davlatlar o‘rtasida endi milliy qurol embargosi yo‘qligini tasdiqlaydi.

Shvetsiya NATO ittifoqchilariga qurol eksport qilish bo‘yicha milliy qonunchiligiga o‘zgartirish kiritmoqda. Kelgusida Finlyandiya va Shvetsiyadan mudofaa mahsulotlari eksporti ittifoqchilik birdamligi ruhida va Vashington kelishuvining 3-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi. 

Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiya quyidagi aniq qadamlarni tashlaydi. 

Memorandumda aytilishicha, Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiya muzokaralardan so‘ng quyidagi aniq qadamlarni tashlashgan va’da berganlar: 

“Tomonlar terrorizm, uyushgan jinoyatchilik va boshqa umumiy muammolarga qarshi kurashda konsensusga asoslangan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida barcha darajalarda, jumladan huquqni muhofaza qilish va razvedka idoralarida muloqot va hamkorlikning tuzilgan hukumatlararo mexanizmini yaratadilar. 

Finlyandiya va Shvetsiya, NATOning tegishli hujjatlari va siyosatlari qoidalariga muvofiq, terrorizmga qarshi qat’iy kurash olib boradi va tegishli qonunchilikni mustahkamlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi. 

Finlyandiya va Shvetsiya ekstraditsiya bo‘yicha Yevropa konvensiyasiga muvofiq Turkiya tomonidan terrorizmda gumon qilinganlarni deportatsiya qilish yoki ekstraditsiya qilish bo‘yicha so‘rovlarini zudlik bilan ko‘rib chiqish hamda ekstraditsiya va xavfsizlik sohasida hamkorlikni rivojlantirish uchun Turkiya tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar, dalillar va razvedka ma’lumotlarini hisobga oladi. 

Finlyandiya va Shvetsiya tergov ishlarini boshlaydi va “Kurdiston ishchi partiyasi” terror tashkiloti, uning barcha bo‘linmalari va front tashkilotlari tomonidan mablag‘ yig‘ish va yollash faoliyatini taqiqlaydi.

Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiya dezinformatsiyaga qarshi kurash olib borish va terror tashkilotlarining tashviqot maqsadlarida, jumladan Turkiyaga qarshi zo‘ravonlikni qo‘zg‘atuvchi harakatlarda suiiste’mol qilinishining oldini olish tarafdori. Finlyandiya va Shvetsiya qurol eksporti bo‘yicha qonunchiligi ittifoqchilar oldidagi yangi majburiyatlarga ruxsat berishini va ularning NATOga a’zolik maqomiga mos kelishini ta’minlaydi. 

Finlyandiya va Shvetsiya Turkiya va Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan boshqa ittifoqchilarning Yevropa Ittifoqining umumiy xavfsizlik va mudofaa siyosati bo‘yicha joriy va kelajakdagi tashabbuslarida, jumladan PESCO loyihasida Turkiyaning imkon qadar kengroq ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Ushbu qadamlarni amalga oshirish uchun Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiya tashqi ishlar, ichki ishlar va adliya vazirliklari, razvedka xizmatlari va xavfsizlik idoralari mutaxassislari ishtirokida Doimiy qo‘shma mexanizm yaratiladi. 

Doimiy qo‘shma mexanizm boshqa mamlakatlar ishtiroki uchun ochiq bo‘ladi. Madriddagi sammitda Turkiya NATOning ochiq eshiklar siyosatini uzoq yillik qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlaydi va Finlyandiya va Shvetsiyani NATOga a’zo bo‘lishga taklif qilishni qo‘llab-quvvatlashini bildiradi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO

Baholaganlar

157

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing