Polshada AQSH harbiy bazasi ochildi
Olam
−
14 noyabr
2613Kecha, 13 noyabr kuni Polsha shimolidagi Redzikovo qishlog‘ida AQSH dengiz kuchlari bazasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda "Reuters" xabar berdi.
Marosimda AQSH elchisi va boshqa AQSH rasmiylari bilan birga qatnashgan Polsha rasmiylari bazaning ochilishini Ukrainadagi urush sharoitida mamlakat va NATO xavfsizligini ta’minlashdagi muhim qadam sifatida olqishladi.
“Bu endi Rossiyaning manfaat doirasi emasligini butun dunyo aniq ko‘radi. Polsha nuqtai nazaridan, bu strategik jihatdan eng muhim narsadir”, dedi Polsha Prezidenti Anjey Duda ochilish marosimida.
Polsha Mudofaa vaziri Vladislav Kosiniyak-Kamish bazaning ochilishini “Polsha, AQSH va NATO xavfsizlik tarixidagi ajoyib voqea” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina va Yaqin Sharqdagi mojarolar havo hujumidan mudofaa muhimligini ko‘rsatmoqda.
“Redzikovodagi baza Amerika va ittifoqchi qo‘shinlarning Polsha hududida doimiy bo‘lishini anglatadi va strategik nuqtai nazardan bu tarixdagi eng muhim voqealardan biridir”, deb ta’kidladi Kosinyak-Kamish.
Yevropadagi ikkinchi Aegis Ashore majmuasi
AQSHning Polshadagi bazasi ballistik raketalarni parvozning dastlabki bosqichida aniqlash, kuzatish va yo‘q qilishga qodir Aegis Ashore raketaga qarshi mudofaa tizimi bilan jihozlangan. Bu Yevropadagi ikkinchi turdagi kompleksdir.
Birinchisi Ruminiyaning Deveselu qishlog‘i yaqinida joylashgan – bu baza 2016 yilda foydalanishga topshirilgan.
Bundan tashqari, “NATO raketaga qarshi mudofaa qalqoni” elementlari Ispaniyaning Rota shahrida doimiy joylashgan AQSH harbiy-dengiz kuchlarining to‘rtta esminetsi hamda Turkiyaning Kurejik shahridagi erta ogohlantiruvchi radardir.
“Associated Press” agentligining qayd etishicha, Redzikovodagi NATO raketaga qarshi mudofaa tizimiga birlashtiriladigan baza dastlab Jorj Bush prezidentligi davrida “Yevropani Erondan kelayotgan ballistik tahdidlardan himoya qilish” uchun ochilishi rejalashtirilgan edi. Biroq Polsha rasmiylari bazani har doim “Rossiya agressiyasi bo‘lgan taqdirda Amerika mudofaasi shakli” sifatida ko‘rib kelgan.
NATOga ko‘ra, Aegis Ashore “sof mudofaa xarakteriga ega”. Rossiya hukumati esa boshidanoq bu loyihaga keskin qarshi edi.
Kreml: Polshadagi raketaga qarshi mudofaa bazasi – bu Rossiyaning salohiyatini harbiy jihatdan ushlab turishga urinish
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov kecha, 13 noyabr kuni bazaning foydalanishga topshirilishi Rossiya salohiyatini harbiy jihatdan jilovlashga urinish ekanligini aytdi.
“Bu Yevropa hududidagi Amerika harbiy infratuzilmasining bizning chegaralarimiz tomon siljishidir. Bu bizning harbiy salohiyatimizni ushlab turishga urinishdan boshqa narsa emas va, albatta, bu tenglikni ta’minlash uchun tegishli choralarni ko‘rishga olib keladi”, dedi Peskov.
2024 yil oktyabr oyida Polsha Tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy Redzikovodagi raketaga qarshi mudofaa bazasi mamlakat tomon uchayotgan Rossiya ballistik raketalarini urib tushira olishini aytdi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr