Finlyandiya tish-tirnog‘igacha qurollanyapti: armiya 1 mln dona mina sotib oladi
Olam
−
20 Oktyabr 1055 2 daqiqa
Finlyandiya Qurolli kuchlari xavfsizlik sohasidagi vaziyatning yomonlashuvi fonida taxminan 100 million yevro miqdorida bir million dona piyodalarga qarshi mina xarid qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Yle xabar berdi.
Qayd etilishicha, arsenalni to‘ldirish 2028 yilgacha yakunlanishi kerak. Xarid qilish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinishidan sal avval respublika Bosh vaziri Petteri Orpo Rossiyani Finlyandiya va Yevropa xavfsizligiga uzoq muddatli tahdid deb atagan.
Fin armiyasining piyodalarga qarshi minalar bilan ommaviy qurollanish rejasi Xelsinkining ushbu turdagi vositalarni taqiqlovchi Ottava konvensiyasidan chiqishi haqidagi qonun yanvarda kuchga kirgachgina amalga oshdi.
Armiya qo‘mondonligi polkovnigi Riku Mikkonenning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda mina ishlab chiqarishga qodir o‘nlab kompaniyalar mavjud bo‘lib, armiya hokimiyat mamlakat ichida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ya olishi uchun qurol-yarog‘larni ulardan xarid qiladi.
Finlyandiya Ottava shartnomasidan chiqish jarayonini 2025 yilning iyul oyidayoq, Rossiya bilan chegaradosh boshqa mamlakatlarga qo‘shilgan holda boshlagan. Bungacha Estoniya, Litva, Latviya va Polsha ham xuddi shunday qadam tashlagan edi.
Konvensiyadan chiqqandan so‘ng darhol Finlyandiya Mudofaa vazirligi rahbari Antti Xakkanen piyodalarga qarshi minalar ishlab chiqarishni qayta yo‘lga qo‘yish va harbiy xizmatchilarni ulardan foydalanishga o‘rgatishni e’lon qilgan. Biroq u Xelsinki urush olib borish qoidalariga rioya qilishda davom etishini, tinchlik davrida esa minalar faqat mashg‘ulotlarda qo‘llanilishi va omborlarda saqlanishini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Ottava konvensiyasi 1999 yilda amal qila boshlagan. U piyodalarga qarshi minalarni ishlab chiqarish, foydalanish, to‘plash va berishni taqiqlaydi, shuningdek, imzolagan mamlakatlarga ularning zaxiralarini yo‘q qilish majburiyatini yuklaydi. Hammasi bo‘lib ushbu hujjatga 164 ta davlat qo‘shilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Finlyandiya Rossiya chegarasida umumiy uzunligi 200 km bo‘lgan chegara to‘sig‘ini qurishni yakunlagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi20 Oktyabr