Filippinda vertolyot qulashi oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi

Olam

image

Bugun, 3 noyabr kuni Filippinning Agusan-del-Sur viloyatining Loreto tumanida harbiy vertolyot qulashi oqibatida olti kishi halok bo‘ldi. Bu haqda ABS CBN xabar berdi.

“Qidiruv-qutqaruv operatsiyalari natijasida halokatga uchragan Super Huey vertolyotining uchuvchisi va ekipaj a’zolari deb taxmin qilinayotgan olti kishining jasadi topildi”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Shuningdek, halok bo‘lganlarning shaxsi ularning oilalariga xabar berilmaguncha oshkor etilmasligi ma’lum qilingan. Qayd etilishicha, Super Huey vertolyoti “Tino” tayfunidan zarar ko‘rgan hududdagi ishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘l olgan paytda qulagan.

Filippin harbiy-havo kuchlarining (PAF) bayonotida vertolyot to‘rtta samolyotdan iborat parvoz tarkibida Davaodan Butuanga uchgani, maqsad zararni tezkor baholash va ehtiyojlarni aniqlash missiyasini amalga oshirish bo‘lganini bildirgan.

“Vertolyot bilan aloqa uzildi va darhol qidiruv hamda qutqaruv operatsiyasi boshlandi”, deyiladi PAF bayonotida.

Shuningdek, halokat sabablari va holatini aniqlash uchun keng qamrovli tergov o‘tkazilayotgani ma’lum qilingan. Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, halokat joyida kuygan jasadlar topilgan, biroq harbiylar hodisa tafsilotlarini hozircha oshkor etmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Keniyada parvozdan bir necha daqiqa o‘tib, bortida xorijlik sayyohlar bo‘lgan kichik samolyot halokatga uchragandi. Hodisa oqibatida 11 kishi – 8 nafar Vengriya fuqarosi, 2 nafar germaniyalik va 1 nafar keniyalik uchuvchi halok bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

vertolyot Filippin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing