Filippinda tabiiy ofat qurbonlari keskin oshdi
Olam
−
19 dekabr 2021
6336Filippinda “Rai” to‘foni ortidan sodir bo‘lgan sel, bo‘ron va vayronagarchilik qurbonlari soni 121 nafarga yetdi. “Sky News” xabariga ko‘ra, 13 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
Tabiiy ofat Filippinning markaziy va janubi-sharqiy qismlarini qamrab olgan. Tayfun epitsentrida shamol tezligi soatiga 195 km ga yetadi. To‘fon ko‘plab hududlarda elektr ta’minotida uzilishlar va jiddiy vayrongarchiliklar keltirgan.
Ofatdan eng ko‘p jabrlangan Boxol provinsiyasida qurbonlar soni 72 kishiga yetdi, 10 kishi bedarak yo‘qolgan. Viloyat gubernatori Artur Yap mintaqa chegaralaridagi tumanlar rahbarlariga odamlarning oziq-ovqat va ichimlik suvi kabi favqulodda ehtiyojlarini qondirish vazifasini topshirdi.
Kuchli yomg‘ir va bo‘ron ko‘plab qishloqlarda daraxtlarni ag‘darib tashladgan, suv toshqiniga sabab bo‘lgan, uylar va yo‘llarga zarar yetkazgan.
Umumiy hisobda “Rai” to‘foni 780 mingga yaqin odamga zarar yetkazgan, shundan 300 ming qishloq aholisi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan.
Qidiruv va qutqaruv ishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shinlar safarbar etilgan.
Filippin Prezidenti Rodrigo Duterte vaziyat bilan joyida tanishgan. Davlat rahbari viloyatga 40 million dollar yordam va’da qilgan.
Ma’lumot uchun, Filippinda har yili o‘rtacha 20 ta bo‘ron va tayfunlar sodir bo‘ladi. “Xayyan” to‘foni Filippindagi eng halokatli bo‘lib, 2013-yilda 6000 dan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘lgan va katta zarar keltirgan.
Avvalroq Filippinda "Rai" to‘foni oqibatida 75 kishi qurbon bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi