Filadelfiya prokuraturasi Ilon Maskni sudga berdi
Olam
−
29 Oktabr
2766Pensilvaniyaning eng yirik shahri Filadelfiya okrugi prokuraturasi amerikalik milliarder va X platformasi egasi Ilon Maskni hamda uning tashkiloti America PAC'ni shtat saylovchilariga har kuni 1 million dollar tarqatayotgani uchun sudga berdi. Bu haqda kecha, 28 oktyabr kuni prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Maskning ushbu harakatlari zudlik bilan taqiqlanishi kerak bo‘lgan noqonuniy lotereya sxemasi sanaladi hamda u adolatli savdo amaliyoti va iste’molchilar huquqlarini buzadi. Prokurorlar joriy yilning 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlariga qadar kuchga kirishi kerak bo‘lgan buyruq chiqarishni so‘ragan.
“Ushbu ish sudlanuvchilarning saylovchilarga pora berishni taqiqlovchi shtat yoki federal qonunlarni buzganligi masalasini ko‘rib chiqmaydi. Chunki America PAC va Mask qonunlarni ochiqchasiga buzgan”, deyiladi hujjatda.
Bundan tashqari, prokurorlarning ta’kidlashicha, America PAC katta miqdordagi pul yutib olish imkoniyati evaziga saylovchilardan shaxsiy ma’lumotlarini berishni talab qiladi va aldamchi, noaniq yoki chalg‘ituvchi bayonotlardan foydalanadi. Xususan, lotereya qoidalarining to‘liq to‘plami yo‘q va Maskning g‘olib tasodifiy tanlangani haqidagi da’vosi ishonchsiz, chunki ularning barchasi Donald Trampni qo‘llab-quvvatlovchi mitinglarda qatnashgan.
Dunyoning eng boy odami Ilon Mask oktyabr oyi boshida o‘z lotereyasini boshlagan edi. America PAC yetti shtatdan birida tasodifiy tanlangan saylovchilarga har kuni 1 million dollar berishga va’da bergandi. Bular Pensilvaniya, Jorjiya, Nevada, Arizona, Viskonsin, Michigan va Shimoliy Karolina shtatlaridir. Ishtirok etish uchun elektron pochta manzili kiritilishi va AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan birinchi va ikkinchi tuzatishlar – so‘z erkinligi, qurol saqlash va olib yurish huquqini himoya qilish uchun petitsiyaga imzo chekish kerak.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida Trampga uyushtirilgan suiqasddan so‘ng Mask uni saylovoldi tashviqotida ochiq qo‘llab-quvvatlagandi. Shuningdek, milliarder Trampning saylovoldi kampaniyasiga xayriya qilgandi. Mask shu paytgacha AQSH prezidentligiga nomzodlarning birortasini ochiq qo‘llab-quvvatlamagandi. Sobiq prezident Donald Tramp “Reuters”ga bergan intervyusida joriy yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonsa, amerikalik tadbirkor Ilon Maskni biror-bir vazirlikka rahbar qilmoqchi yoki maslahatchi lavozimiga tayinlamoqchiligini ma’lum qilgandi. AQSH Federal saylov komissiyasi e’lon qilgan hujjatga ko‘ra, Mask Trampni qo‘llab-quvvatlovchi America PAC siyosiy tashkilotiga 3 oy ichida 75 million dollar xayriya qilgan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr