Fiqh ilmini egallagan kishi nomidagi ordenni yuksak qadrlayman – Erdo‘g‘an Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi

Olam

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 10 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Samarqandda bo‘lib turgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anni “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotladi.

Ikki davlat rahbarlarining uchrashuvida Prezident Erdo‘g‘an Oliy darajali mukofot uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.

“Menga fiqh ilmini egallagan kishi nomidagi orden berilishini yuksak qadrlayman. Ushbu ordenni mamlakatlarimiz o‘rtasidagi azaliy va abadiy hamkorlikning natijasi deb bilaman.

Buyuk faxr va g‘urur ila ushbu yuqori darajali ordenni olishdan yana bir bor baxtli ekanligimni ta’kidlagan holda, qardoshim Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildiraman. Avvalambor, shuni aytmoqchimanki, talabalik yillarimizda Imom Al-Buxoriyning hadislar to‘plami bilan yaqindan tanishganmiz. Bu biz uchun eng muhim manba sifatida qo‘llanilgan. Biror hadis haqida gap ketganda, biz ushbu hadislar kitobiga murojaat qilganmiz”, deydi Erdo‘g‘an.

Eslatib o‘tamiz, Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashida ishtirok etish uchun Samarqandga Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban yetib keldi. Ertaga, 11 noyabr kuni Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov kelishi kutilmoqda. 

Prezidentlar Ilhom Aliyev, Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Bosh vazir Viktor Orban rafiqalari Mehribon Aliyeva, Emina Erdo‘g‘an va Aniko Levai bilan kelgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

98

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing