FIFA JCH ishtirokchilari sonini 64 taga yetkazmoqchi
Sport
−
13:25 635 2 daqiqa
FIFA prezidenti Janni Infantino kelajakda Jahon chempionatida ishtirok etuvchi milliy terma jamoalar sonini 64 tagacha oshirish masalasi ko‘rib chiqilishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Uning bildirishicha, mazkur g‘oya 2026 yilgi Jahon chempionati yakunlanganidan keyin muhokama qilinishi mumkin.
“Faqat Yevropa va Janubiy Amerika emas, balki butun dunyo Jahon chempionati haqida orzu qila olishi kerak”, deydi Infantino.
FIFA rahbari, shuningdek, AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qilayotgan 2026 yilgi mundialda ilk bor 48 ta jamoa ishtirok etayotganini “ulkan muvaffaqiyat” deb baholagan. Uning fikricha, barcha qit’alar vakillarining saviyasi sezilarli darajada oshib bormoqda.
2026 yilgi musobaqada ishtirokchilar soni ilk bor 48 taga yetkazildi. Bu o‘zgarish pley-offning qo‘shimcha bosqichini joriy etish imkonini berdi va umumiy o‘yinlar sonini 104 taga oshirdi.
Agar 64 jamoali format tasdiqlansa, Jahon chempionati ishtirokchilari soni qisqa vaqt ichida 32 tadan 64 tagacha, ya’ni ikki barobarga ko‘paygan bo‘ladi. Biroq Infantino bu tizim qachon joriy etilishi va musobaqa qay tarzda tashkil etilishi haqida aniq ma’lumot bermagan.
Ayni paytda 2026 yilgi Jahon chempionati yarim finalida Fransiya – Ispaniya va Argentina – Angliya bahslari bo‘lib o‘tadi. Musobaqa tarixida ilk bor FIFA reytingidagi eng kuchli to‘rtta terma jamoa yarim finalga yo‘l oldi.
Yarim final uchrashuvlari 14-15 iyul kunlari o‘tkaziladi. Uchinchi o‘rin uchun bahs 18 iyul kuni Mayamida bo‘lib o‘tsa, final 19 iyul kuni Nyu-Jersidagi “MetLayf” stadionida o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun, navbatdagi 2030 yilgi Jahon chempionati Ispaniya, Portugaliya, Marokash, Argentina, Paragvay va Urugvay mezbonligida bo‘lib o‘tadi. Ochilish uchrashuvi Montevideodagi mashhur “Sentenario” stadionida tashkil etiladi. Barcha olti mezbon davlat to‘g‘ridan to‘g‘ri final bosqichiga yo‘llanma oladi. Bu Jahon chempionati tarixida ilk bor uch qit’a – Yevropa, Afrika va Janubiy Amerikada bir vaqtning o‘zida o‘tkaziladigan mundial bo‘ladi.
Live
Barchasi