FIFA Jahon chempionatining yangi qoidalarini joriy qildi

Sport

image

FIFA AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati tomoshabinlar tajribasini tubdan o‘zgartirishi kutilayotgan ikki katta yangilikni taqdim etadi. Bu haqda “The Times” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Jahon chempionati final uchrashuvida Amerika Superkubogidan ilhomlangan maxsus tanaffus shousi namoyish etiladi. Shuningdek, FIFA OAV uchun yangilangan, yanada qat’iy qoidalarni joriy qilgan. Unga ko‘ra, murabbiylar va futbolchilar o‘yinlar vaqtida, ya’ni birinchi bo‘lim yakunlangach majburiy teleintervyu berishlari lozim.

Tanaffus shousi haqidagi e’lon Vashingtonda bo‘lib o‘tgan qur’a tashlash marosimida berildi. FIFA Amerika an’anasini jahon futboliga olib kirishini tasdiqladi. Bunday tadbirlar AQSH milliy futbol ligasi (NFL) tanaffuslarida kuzatiladi.

FIFA bu formatni 2025 yilgi Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finalida Jey Balvin, Doja Kayt va Coldplay kabi san’atkorlarning chiqishi bilan sinab ko‘rgan va bu tomoshabinlar orasida katta qiziqish uyg‘otgan va ijtimoiy tarmoqlarda yuqori faollik qayd etilgan.

Shuningdek, 2026 yilgi mundialda har ikki jamoa futbolchilari va murabbiylari birinchi taym tugashi bilan darhol teleintervyu berishi shart bo‘ladi. Xuddi shu amaliyot o‘yin yakunida ham takrorlanadi: har bir jamoa intervyu uchun o‘z vakillarini taqdim etishi majburiy. Bundan tashqari, har bir  jamoa o‘yindan ikki kun oldin matbuot anjumani o‘tkazishi belgilangan bo‘lib, bu shaffoflikni oshirish va media bilan muloqotni kuchaytirishga qaratilgan. Ushbu o‘zgarishlar futbolni ko‘ngilochar sanoat elementlari bilan uyg‘unlashtirish, shuningdek, muxlislarni futbolchilar va murabbiylarga yanada yaqinlashtirish maqsadida joriy qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Jahon chempionatining guruh bosqichiga qur’a tashlash marosimida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Portugaliya, Kolumbiya va Yamayka/Kongo/Yangi Koledoniya o‘tish o‘yini g‘olibi bilan birga “K” guruhidan joy olgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon chempionati FIFA yangilikni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing