FIFA O‘zbekistonning raqibiga JCHda ishtirok etishga ruxsat berdi

Sport

image

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasi futbolchilari va murabbiylar shtabi Ebola epidemiyasi munosabati bilan belgilangan sog‘liqni saqlash choralariga to‘liq rioya qilayotgani hamda Jahon chempionatida ishtirok etish uchun AQSHga xavfsiz kirishi mumkinligi haqida xulosa qildi. Bu haqda Kongo DR futbol federatsiyasi (FECOFA) xabar berdi.

Joriy yilning 23 may kuni federatsiya rahbariyati FIFA vakillari bilan videokonferensiya shaklida favqulodda yig‘ilish o‘tkazgan. Kongo tomoni futbolchilar va xodimlarni Ebola virusidan himoya qilish uchun ko‘rilgan choralar haqida batafsil ma’lumot berib, AQSH hukumati tomonidan belgilangan barcha sanitariya talablariga amal qilinganini tasdiqlagan.

“FECOFA Jahon chempionati uchun tanlangan barcha futbolchilar, shuningdek, murabbiylar shtabi a’zolarining aksariyati Yevropada yashab, faoliyat yuritishini aniqladi. Shu bois ularning virus yuqtirib olish ehtimoli bo‘yicha xavotirga o‘rin yo‘q. Kinshasadan Belgiyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga jo‘nab ketgan texnik xodimlar esa 20 may kuni mamlakatni tark etgan va AQSHga yo‘l olishdan avval kamida 21 kun Yevropada bo‘lishadi”, deyiladi federatsiya bayonotida.

Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, FIFA va FECOFA Kongo DR terma jamoasi barcha zarur sanitariya talablariga javob berishi haqida xulosaga kelgan.

Joriy yilning 23 may kuni AQSH rasmiylari jamoa mamlakatga kirishdan oldin 21 kunlik karantindan o‘tishi kerakligini ma’lum qilgandi. Aks holda, mamlakatdagi Ebola epidemiyasi sababli jamoa 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok eta olmasligi mumkinligi aytilgan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning aprel oyi oxirida Kongo Demokratik Respublikasida Ebola gemorragik isitmasining yangi avj olishi boshlangan. 17 may kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Afrikadagi ushbu holatni xalqaro miqyosda tashvish uyg‘otuvchi favqulodda vaziyat deb e’lon qildi. Hozirga qadar Ebolaga chalingani gumon qilinayotgan 900 dan ortiq holat aniqlangan bo‘lib, ularning 101 tasi rasman tasdiqlangan.

Kongo DR terma jamoasi Jahon chempionatida “K” guruhidan o‘rin olgan. Jamoa turnirdagi ilk uchrashuvini joriy yilning 17 iyun kuni Xyuston shahrida Portugaliyaga qarshi o‘tkazadi. Shuningdek, Kongo DR Kolumbiya (23 iyun, Gvadalaxara) va O‘zbekiston (27 iyun, Atlanta) terma jamoalariga qarshi ham maydonga tushadi.


Maqola muallifi

Teglar

Kongo Jahon chempionati FIFA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing