FIFA UEFA’ni tashkilot rahbariga tuhmat qilishda ayblamoqda
Sport
−
09:41 204 2 daqiqa
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Yevropa futbol ittifoqini (UEFA) FIFA rahbariyatiga qarshi tuhmat kampaniyasi olib borishda aybladi. Bu haqda FIFA’ning rasmiy bayonotiga tayanib, “The Athletic” nashri xabar berdi.
Avvalroq, UEFA FIFA prezidenti Janni Infantinoga qarshi Jahon chempionati huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotishga urinish bilan bog‘liq holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
“Garchi ushbu so‘rovlar sarlavhalar va ish raqamlari bilan huquqiy hujjatlar sifatida rasmiylashtirilgan bo‘lsa-da, aslida ular UEFA’ning FIFA va uning rahbariyatiga qarshi tuhmat kampaniyasini qo‘llab-quvvatlovchi matbuot xabarlaridan boshqa narsa emas”, deyiladi FIFA bayonotida.
Joriy yilning iyul oyida Infantino tashkilotning erkaklar va ayollar o‘rtasidagi asosiy musobaqalarini nazorat qiluvchi alohida kompaniya tuzishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgan edi. Uning fikricha, FIFA Forward Enterprise tashkil etilishi FIFA’ga a’zo assotsiatsiyalarning daromadlarini oshirishga va butun dunyo bo‘ylab futbol rivojiga hissa qo‘shishga xizmat qilishi mumkin.
FIFA ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur sxema 4,2 milliard dollar miqdoridagi mablag‘ni jalb qilishi mumkin. Biroq bu tashabbus rasmiylar, milliy federatsiyalar va qator futbol tashkilotlari tomonidan keng tanqid qilindi.
Jumladan, Infantinoning taklifi UEFA, Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi futbol konfederatsiyasi (KONKAKAF), Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) va Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (KONMEBOL) tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi.
Keyinchalik Afrika futbol konfederatsiyasi, Argentina futbol assotsiatsiyasi hamda yana bir qator milliy futbol federatsiyalari Infantino tashabbusini qo‘llab-quvvatlashlarini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi