FIFA mundial uchun yangi qoida kiritdi

Sport

image

Kecha, 28 aprel kuni Kanadaning Vankuver shahrida bo‘lib o‘tgan maxsus yig‘ilishda Xalqaro futbol qoidalari kengashi (IFAB) kamsituvchi va noo‘rin xatti-harakatlarni bartaraf etish uchun FIFA tomonidan taklif qilingan ikkita qoidaga tuzatish kiritishni bir ovozdan ma’qulladi. Bu haqda tashkilotning rasmiy saytida xabar berildi.

Tasdiqlangan yangi qoidaga ko‘ra, raqib bilan to‘qnashuv yoki boshqa holatlarda og‘zini yopgan futbolchilarga qizil kartochka ko‘rsatiladi. Kengash Vankuver shahrida maxsus yig‘ilish o‘tkazib, Shimoliy Amerikada o‘tadigan Jahon chempionati oldidan nomaqbul xatti-harakatlarga qarshi qaratilgan o‘zgartishlarni qabul qilgan.

“Musobaqa tashkilotchisining qaroriga ko‘ra, raqib bilan to‘qnashuv paytida og‘zini yopgan har qanday o‘yinchi qizil kartochka bilan jazolanishi mumkin”, deyiladi IFAB bayonotida.

Bu o‘zgarish Yevropa chempionlar ligasidagi o‘yindan keyin kiritilgan. Unda “Benfika” jamoasi o‘yinchisi Janluka Prestianni “Real Madrid” futbolchisi Vinisius Juniorga nisbatan haqoratli so‘zlar aytgan va buni yashirish uchun libosini og‘ziga tortib olgan edi.

Yana bir yangi qoidaga ko‘ra, hakam qaroridan norozi bo‘lib maydonni tark etgan o‘yinchilar ham qizil kartochka oladi. Bu qoida jamoa rasmiylariga ham taalluqli bo‘lib, agar ular o‘yinchilarni norozilik sifatida maydonni tark etishga undasa, ularga ham jazo qo‘llanadi.

FIFA prezidenti Janni Infantino bu o‘zgarishlarni Afrika millatlar kubogi finalidagi keskin holatdan so‘ng ilgari surgan. Unda Senegal jamoasi o‘yinni asosiy vaqti tugamay tark etgan edi. Jamoa yanvar oyidagi finalda mezbon Marokashga penalti berilganidan so‘ng, hisob 0:0 bo‘lib turgan paytda maydonni tark etgan. O‘yin qariyb 15 daqiqaga to‘xtatilgan. Keyinchalik Senegal qo‘shimcha vaqtda gol urib, g‘alaba qozongan, ammo keyin apellyatsiya natijasida chempionlik unvonidan mahrum qilingan. Ish Shveysariyaning Lozanna shahridagi Sport arbitraj sudida ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.

IFAB ma’lum qilishicha, Jahon chempionatida ishtirok etadigan barcha 48 jamoa yaqin haftalarda ushbu o‘zgartishlar haqida xabardor qilinadi. 

Ma’lumot uchun, o‘tgan hafta UEFA Prestianniga olti o‘yinga diskvalifikatsiya jazosini berdi, shundan uchtasi shartli hisoblanadi. U homofobik haqorat ishlatgani uchun jazolandi. Irqiy haqorat isbotlanmagan, o‘yinchi esa buni rad etgan, ammo homofobik so‘z ishlatganini tan olgan. Agar Prestianni Argentina terma jamoasiga chaqirilsa, u Jahon chempionatidagi dastlabki ikki o‘yinni o‘tkazib yuboradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA’ning chiptalarni qayta sotish saytida Jahon chempionati finali uchun to‘rtta chipta savdoga qo‘yilgani, ularning har biri deyarli 2,3 million dollarga teng ekanligi haqida xabar berilgan edi.

Oybek Rustamov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Kanada FIFA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing