Nazarboyev hukumatni iste’foga chiqardi
Olam
−
21 fevral 2019
12491Bugun, 21 fevral kuni Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Nursulton Nazarboyev mamlakat hukumatini iste’foga chiqarish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda “Oqo‘rda” Matbuot xizmati xabar berdi.
Bosh vazir vazifalarini bajarish vaqtincha Askar Maminga yuklatilgan. Hozirgi hukumat a’zolari yangi tarkib tasdiqlanguncha vazifalarini bajarishi belgilandi.
Nazarboyev avvalroq hukumat iste’foga chiqishi kerakligini, ular strukturaviy islohotlar o‘tkaza olmaganini aytgandi.
Qozog‘iston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, hukumat Milliy bank bilan hamkorlikda iqtisodiyotning barqaror o‘sishi uchun real stimul va vositalarni yarata olmagan. YAIMning o‘sishi asosan xomashyo resurslari hisobiga bo‘layotgani, davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha aniq natijalar yo‘q ekani qayd etilgan.
“Ijobiy natijalarga erishilmadi”, degan Nazarboyev.
Prezident yangi hukumat yashash darajasini ko‘tarish, iqtisodiyotni rag‘batlantirish va strategik vazifalarni amalga oshirishda “samarali qadamlar”ni ishlab chiqishi zarurligini ta’kidlagan.
LiveBarchasi