FIFA Isroilni musobaqalardan chetlatmoqchi emas

Sport

image

Joriy yilning 2 oktyabr kuni Syurixda FIFA boshqaruv kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Isroilni 2026-yilgi Jahon chempionati saralash o‘yinlaridan chetlatish masalasi rasmiy kun tartibiga kiritilmadi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

“FIFA geosiyosiy muammolarni hal qila olmaydi. Futbolni birlashtiruvchi, ta’limiy, madaniy va gumanitar qadriyatlar orqali dunyo bo‘ylab targ‘ib qilishi mumkin va shunday qilishi kerak”, deydi Infantino.

Shuningdek, Infantino FIFA shtab-kvartirasida Falastin futbol federatsiyasi rahbari Jibril Rajub bilan yakkama-yakka uchrashib, uning “hozirgi og‘ir davrda ko‘rsatgan sabr-toqati uchun” maqtov bildirdi.

Infantino o‘zining 37 a’zodan iborat kengashiga G‘azoda davom etayotgan vaziyat sharoitida tinchlik va birdamlikni ta’minlash nihoyatda muhim ekanini ta’kidladi. Biroq Infantino to‘g‘ridan to‘g‘ri Isroilga ishora qilmadi.

G‘azoda ikki yildan beri davom etayotgan mojaro chog‘ida Yevropa futbol rahbarlari Isroil jamoalariga qarshi eng keskin chora-tadbirlarni muhokama qilayotgan bir paytda, joriy yilning 29 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Oq uyda tinchlik tashabbusini e’lon qildi.

Ma’lumot uchun, Isroil terma jamoasi 11 oktyabr kuni Norvegiyada, 14 oktyabrda esa Italiyaga qarshi JCH–2026 saralash uchrashuvlarini o‘tkazadi. Norvegiya va Turkiya futbol tashkilotlari esa UEFA va FIFA dan Isroilni xalqaro musobaqalardan chetlatishni so‘ramoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘azo sektoridagi mojaroga oid tinchlik muzokaralari fonida UEFA Isroil terma jamoalari va klublarini xalqaro musobaqalardan chetlashtirish bo‘yicha qarorni kechiktirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil FIFA G'azo Infantino

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing