FIFA G‘azoda futbolni qayta tiklashga yordam beradi

Sport

image

Kecha, 13 oktyabr kuni FIFA prezidenti Janni Infantino Misrning Sharm al-Shayx shahrida bo‘lib o‘tgan tinchlik sammitida ishtirok etdi. Sammitda Infantino G‘azoda vayron bo‘lgan futbol infratuzilmasini qayta tiklashga yordam berishini ma’lum qildi.

Infantino sammitda 20 dan ortiq davlat yetakchilari bilan birga qatnashib, G‘azoda futbolni tiklash, yangi sport maydonlarini qurish va yoshlar dasturlarini qo‘llab-quvvatlash orqali mintaqada barqarorlikka hissa qo‘shishini ta’kidladi.

“FIFA uchun bu jarayonda ishtirok etish, yordam berish va tinchlik o‘rnatilishiga o‘z hissasini qo‘shish juda muhim. Futbol qo‘llab-quvvatlash, birlashtirish va umid berish vositasi bo‘lishi kerak”, deydi Infantino.

Uning so‘zlariga ko‘ra, FIFA Falastin futbol assotsiatsiyasi (PFA) bilan hamkorlikda G‘azodagi vayron bo‘lgan stadion va maydonlarni qayta quradi. Shuningdek, “FIFA Arenas” loyihasi orqali mini-maydonlar barpo etiladi hamda yangi avlod futbolchilari uchun imkoniyatlar yaratiladi.

“Futbol bolalarga umid baxsh etadi va bu hozir juda muhim. Biz boshqa xalqaro hamkorlarni ham bu tashabbusga qo‘shilishga chaqiramiz”, deydi FIFA rahbari.

Shu bilan birga, PFA bir necha marotaba FIFA'ga murojaat qilib, Isroil klublarining ishg‘ol ostidagi Falastin hududlarida faoliyat yuritayotganini inobatga olib, Isroilni musobaqalardan chetlashtirishni so‘ragan. Biroq FIFA bu masalani hali to‘liq ko‘rib chiqmagan. FIFA vitse-prezidenti Viktor Montalyanining so‘zlariga ko‘ra, PFA murojaati hozircha huquqiy bo‘limda ko‘rib chiqilmoqda va yakuniy qaror keyinchalik Kengash tomonidan qabul qilinadi.

“Masala hali hal etilmagan. Tahlil tugallangach, kengash uni muhokama qiladi va zarurat bo‘lsa, tegishli qaror qabul qilinadi”, deydi Montalyani.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 13 oktyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Misrning Sharm-al-Shayx shahrida o‘tgan sammitda mintaqadagi boshqa rahbarlar – Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi va Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan birga G‘azo bo‘yicha tinchlik kelishuvini imzolagandi.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Janni Infantino FIFA G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing