Fidel Kastroning singlisi vafot etdi

Olam

image

Kubaning sobiq yetakchilari Fidel va Raul Kastroning singlisi Xuanita Kastro 90 yoshida AQSHning Mayami shahrida vafot etdi. Bu haqda unga yaqin jurnalist, uning tarjimai holi hammuallifi Mariya Antoniyeta Kollinz Instagram sahifasida ma’lum qildi.

"Bugun o‘zi sevgan Kuba uchun tinimsiz kurashgan o‘ziga xos ayol Xuanita Kastro olamdan o‘tdi", deb yozgan Mariya Antoniyeta Kollinz.

Xuanita Kastro 60-yillarning o‘rtalaridan boshlab Qo‘shma Shtatlarda yashab, u yerda akalarini ag‘darish va Kuba rejimini o‘zgartirishga harakat qilgan. Xuanita Kastro 1959 yilgi inqilobdan keyin akalari bilan kelisholmay qolgan va 1964 yilda, onasi vafotidan bir yil o‘tib, Kubani tark etgan. U Mayamiga joylashdi va u yerda 2007 yilgacha oddiy dorixonani boshqargan.

Xuanita Kastro Kuba rejimining muxoliflariga faol yordam bergan va hatto Markaziy razvedka boshqarmasi bilan hamkorlik qilgan.

Xuanitaning xotiralarida aytilishicha, uning demokratik tamoyillarga xiyonat qilgan, shuningdek, siyosiy raqiblarini o‘ldirgan akalaridan ko‘ngli qolgan.

Xuanita Kastro "Fidel va Raul, mening birodarlarim, maxfiy tarix" deb nomlangan xotiralarida Fidelni hokimiyatga olib kelgan 1959 yil inqilobidan ikki yil o‘tib Gavanada Markaziy razvedka boshqarmasi tomonidan yollanganini ta’kidlaydi.

“Donna” kod nomi ostida u Kuba hukumatini ag‘darish maqsadida uch yil davomida Qo‘shma Shtatlar uchun maxfiy ma’lumotlarni to‘plagan.

Xuanita Kastro o‘z xotiralarida Qo‘shma Shtatlardagi muhojirlar jamiyatida o‘z o‘rnini topish va ikkita rol - Fidel va Raulning singlisini va quvg‘indagi rejim raqibini birlashtirish oson bo‘lmaganini yozgan.

“Shubhasiz, menga boshqalarga nisbatan qiyinroq bo‘ldi. Mening hayotimdagi paradoksni kam odam tushunadi. Kubada bo‘lganlar uchun men qochqinman, chunki men ketganman va hozirgi rejimni qoralaganman. Va Mayamidagi ko‘pchilik uchun men "persona non grata"man, chunki men Fidel va Raulning singlisiman”, deb yozadi u. 

Uning katta akasi Fidel 2016 yilda Gavanada 90 yoshida vafot etgan. Xuanita dafn marosimiga bormagan. Raul Kastro esa hozir 92 yoshda va Kubada yashashda davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Kuba Xuanita Kastro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing