Festival bahona davlat pulini yeganlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Olam
−
26 mart 2023
15384Toshkent shahar Madaniyat bosh boshqarmasi mansabdorlari va boshqa shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda sobiq Toshkent shahar Madaniyat bosh boshqarmasida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablari buzib kelingani aniqlangan. Boshqarma tomonidan tender tanlovlari o‘tkazilmasdan, festival tadbirlarini tashkillashtirish uchun turli firmalar bilan 20 milliard so‘mlik to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzilgani fosh bo‘lgan.
Amalda ushbu festivallar 2022 yilning may-sentyabr oylarida o‘tkazib bo‘lingan bo‘lsada, qonun buzilishlarni yashirish maqsadida “etender.uzex.uz” maxsus axborot portaliga 24 oktabr va 3 noyabr kunlari poytaxtda 5 ta festival tadbirlarini o‘tkazish haqida nomigagina e’lon va hujjatlar joylashtirilgan hamda shartnomalar tuzilgan. O‘tkazilgan festivallar doirasida ham amalda bajarilmagan ishlar va ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun 8 milliard so‘mlik byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani ma’lum bo‘lgan.
Tekshirish natijasiga ko‘ra, Toshkent shahar Madaniyat bosh boshqarmasi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
LiveBarchasi