Yangiyo‘lda 4 yashar qiz zo‘rlandimi?
Tahlil
−
03 Oktabr
9335Bolajon deb ataladigan yurtda sodir bo‘layotgan voqealar, bo‘lganda ham dahshatli voqealarni eshitib odam ko‘chada yurishga ham qo‘rqadi. Bunday qaraganda har yerda ichki ishlar xodimlari yoki milliy gvardiyachilarga ko‘zingiz tushadi. “Hamma yoq kameralashtirilyapti” deyiladi-ku, jinoyatlarning keti uzilmaydi, qurbonlar soni ortgandan ortadi. Kunda-kunora O‘zbekistonda, o‘zbek qora ko‘zi ikkinchi yurtdoshiga zo‘rlik qilayotgani, ayniqsa umrining yarmini yashab bo‘lgan, oddiy qilib aytganda kap-katta erkaklar norasida qizlarni zo‘rlagani odamni dahshatga soladi. Bunday holatlarning qanchasi ochiqlanadi, qanchasi yopiqligicha qoladi, bunisi alohida mavzu, albatta. Ijtimoiy tarmoqlarda Yangiyo‘lda 3 yoshli qizaloq katta yoshli erkak tomonidan zo‘rlangani, mahalliy aholi uni ushlaganda erkakning yonidan giyohvandlik moddasi borligi aniqlangani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu gaplarga aniqlik kiritgan Toshkent viloyati IIBBga ko‘ra, 2 oktyabr kuni Yangiyo‘l shahrida yashovchi fuqaro shahar IIB boshlig‘i nomiga murojaat qilib, voyaga yetmagan 2020 yilda tug‘ilgan 4 yoshli qiziga nisbatan noma’lum shaxs g‘ayritabiiy usulda zo‘rlik ishlatgani haqida ma’lum qilgan va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.
Holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida 1983 yilda tug‘ilgan 41 yoshli erkak gumonlanuvchi tariqasida ushlangan. Shuningdek, o‘rganishlar jarayonida gumonlanuvchining yonida 15 gramm giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, uning Yangiyo‘l tumani hududida joylashgan yashash xonadoni xolislar ishtirokida tekshirilganida, xonadon oshxonasidan 20 dan ortiq yelim idishlarda, maydalangan va quruq holdagi “marixuana” giyohvandlik moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda hujjatlashtirilib olingan. Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 119-moddasi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismi va 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqaro protsessual tartibda ushlangan.
Holatga birinchilardan bo‘lib munosabat bergan Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi holatni to‘liq nazoratga olganini aytib, markaz tomonidan ushbu oilaga psixologik xizmat ko‘rsatilayotganini bildirgan. Shuningdek, jabrlanuvchiga sud tibbiy ekspertiza tayinlanganini ma’lum qilgan.
Bolalar ombudsmani ham holat nazoratga olinganini bildirib, gumonlanuvchi shaxs 2021 yildan buyon ruhiy kasalliklar shifoxonasida ro‘yxatda turganini ma’lum qilgan.
“Aniqlanishicha, ayblanuvchi shaxs 2021 yildan buyon ruhiy kasalliklar shifoxonasida ro‘yxatda turadi. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Bolalar ombudsmani o‘z vakolatlari doirasida mazkur ish yuzasidan kuzatuvini davom ettiradi. Bu borada qo‘shimcha axborot beriladi”, deyiladi Bolalar ombudsmani bayonotida.
Albatta, bu holatda 41 yoshli erkak bu qizga haqiqatdan tegajog‘lik qilgani yoki nomusiga tekkani holati o‘z tasdig‘ini topmagan. Hozirda olib borilayotgan tergov harakatlari va jabrlanuvchiga nisbatan tayinlangan ekspertiza natijasi holatga oydinlik kiritadi. Lekin shu vaqtgacha voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘rlik bo‘lgani haqida tarqalgan xabarlarning ko‘pi o‘z isbotini topdi.
Ular orasidagi eng dahshatlisi esa 2023 yilda Xorazmda bo‘lgan holat. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan 3 nafar qizni 10 oy davomida viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i Oybek Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Anvar Quryozov tomonidan zo‘rlab kelingani haqidagisi. O‘shanda jamoatchilik oyoqqa turdi, pedofillarga o‘qilgan sud hukmidan ko‘pchilik norozi bo‘ldi. Matbuot anjumanlarida bu haqida gapirildi.
Oxir-oqibat sud hukmi bilan biri 3, biri 2 yilga qamalgan amaldorlar ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat sodir etganlik uchun ularga nisbatan jazoni manzil-koloniyalarda o‘talishi nazarda tutilgani aytildi. Bu kabi holatlarni sanasangiz vaqt yetmaydi. Nabirasi tengi keladigan qizga zo‘rlik ishlatgan otaxon, tuzini yeb yurgan uyidagi go‘dakni zo‘rlab tashlab ketgan erkak. Eh, gapirsangiz yuragingiz orqaga tortadi.
Afsuski, O‘zbekistonda bolalarga nisbatan jinoyatlar kamayayotgani yo‘q. Oliy sud tomonidan 2023 yil iyul oyida berilgan ma’lumotlarni eslaydigan bo‘lsak, 2023 yilning o‘tgan olti oyi davomida O‘zbekistonda voyaga yetmagan bolalarga nisbatan sodir etgan jinsiy zo‘ravonlik jinoyati uchun 257 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan.
15 nafar shaxs 14 yoshga yetmagan shaxsning nomusiga tekkani, ya’ni zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy aloqa qilgani uchun (Jinoyat kodeksi 118-moddasi 4-qismi);
44 nafar shaxs 14 yoshga yetmagan shaxs bilan jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirgani uchun (Jinoyat kodeksi 119-moddasi 4-qismi) (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib, g‘ayritabiiy usulda qondirish);
163 nafar shaxs 16 yoshga yetmagan shaxsning nomusiga tekkani uchun (Jinoyat kodeksi 128-modda) (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish); 35 nafar shaxs 16 yoshga yetmagan shaxs bilan jinsiy ehtiyojini g‘ayritabiiy usulda qondirgani uchun (Jinoyat kodeksi 129-modda) sud qilingan.
Statistikaga ko‘ra, 2022 yilga kelib bolalarga nisbatan jinsiy ekspluatatsiya va zo‘ravonlikning oldini olish xalqaro indeksida O‘zbekiston oldingi yilga nisbatan 7 pog‘onaga pastlagan, ya’ni 59 davlat ichidan 58-o‘rindan joy olgan. Afsuski, bolajon yurtda bolalarga nisbatan sodir etilayotgan jinoyatlar soni ortmoqda, pedofillar ko‘paymoqda!
LiveBarchasi