Fermerlarga yuklatilgan 9 ta majburiyat bekor qilinmoqda
Jamiyat
−
29 dekabr 2021
21962Fermer xo‘jaliklariga yuklatilgan o‘nga yaqin majburiyatlarni bekor qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida belgilanmoqda.
Loyihada “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 5 va 10-moddalaridagi fermer xo‘jaligi faoliyati uchun ajratiladigan yer maydonlari toifalari va hajmi O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 16 avgustdagi “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan o‘zbekiston respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuniga asosan qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiqlashtirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 8 iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasida belgilangan fermer xo‘jaliklari yuritish uchun yer uchastkalari berish tartibidan tuman hokimlarining yer maydonlarini ajratish hamda ajratishni rad etish bilan bog‘liq normalar va mexanizmlar chiqarib tashlanmoqda.
“Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 5, 17, 25 va 32-moddalarida fermer xo‘jaligiga yuklatilgan quyidagi 9 ta majburiyat ushbu qonundan chiqarib tashlanmoqda:
1) yer uchastkalari berilganda qishloq xo‘jalik ekinlarining hosildorligi (uch yil uchun o‘rtacha yillik hosil hisobida) qonunchilikda belgilangan normativ hosildorlikdan kam bo‘lmasligini ta’minlash majburiyati – Qonunning 5-moddasi;
Ma’lumot uchun: fermer xo‘jaligi tadbirkorlik sub’ekti sifatida o‘ziga biriktirilgan yerlarda qishloq xo‘jalik ekinlarining hosildorligini oshirishdan manfaatdor sub’ekt hisoblanadi. Shu sababli, unga hosildorlikka doir majburiyat belgilanishi maqsadga muvofiq emas.
2) agar ijaraga olish shartnomasida boshqa muddat belgilangan bo‘lmasa, yer uchastkasi berilgan vaqtdan e’tiboran bir yil ichida undan foydalanishga kirishish majburiyati – Qonunning 17-moddasi;
Ma’lumot uchun: Fermer xo‘jaligi tadbirkorlik sub’ekti sifatida o‘ziga biriktirilgan yerlardan foydalanib daromad olishdan manfaatdor sub’ekt hisoblanadi. Shu sababli, unga ushbu majburiyat belgilanishi maqsadga muvofiq emas.
3) tuzilgan kontraktatsiya shartnomalariga muvofiq davlat ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsuloti nazarda tutilgan hajmlarda yetkazib berilishini ta’minlash majburiyati – Qonunning 17-moddasi;
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 martdagi “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2020 yil hosilidan boshlab paxta xom ashyosini yetishtirishda davlat buyurtmasi bekor qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 martdagi “G‘alla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2021 yil hoisilidan boshlab davlat buyurtmasi asosida boshoqli don yetishtirish amaliyoti to‘liq bekor qilindi. Bundan tashqari, shartnoma shartlariga rioya qilish shartnoma taraflarining majburiyati hisoblanadi. Shu sababdan, kontraktatsiya shartnomalari bo‘yicha fermer xo‘jaligiga alohida majburiyat yuklash zarurati mavjud emas.
4) suv resurslaridan suv iste’moli to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq foydalanishi, suvni tejash, suv resurslaridan maqsadli va oqilona foydalanish chora-tadbirlarini ko‘rish majburiyati – Qonunning 17-moddasi;
Ma’lumot uchun: Qonunning 15-moddasida fermer xo‘jaliklarining suv iste’moli ularga xizmat ko‘rsatuvchi suv iste’molchilari uyushmalari tomonidan belgilanadigan suv ob’ektlaridan suv olish limitlari asosida belgilangan tartibda amalga oshirilishi belgilangan.
5) fermer xo‘jaligi a’zo bo‘lgan suv iste’molchilari uyushmasi balansida turgan sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarini tozalash va ta’mirlashda belgilangan tartibda ishtirok etishi, shuningdek ularni texnik jihatdan soz holatda saqlashi, ulardan foydalanishning belgilangan qoidalariga rioya etishi majburiyati – Qonunning 17-moddasi;
Ma’lumot uchun: Qonunning 15-moddasida fermer xo‘jaliklarining suv iste’moli ularga xizmat ko‘rsatuvchi suv iste’molchilari uyushmalari tomonidan belgilanadigan suv ob’ektlaridan suv olish limitlari asosida belgilangan tartibda amalga oshirilishi belgilangan.
6) mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini, o‘z xodimlari, shu jumladan fermer xo‘jaligida mehnat qiladigan oila a’zolari, vaqtincha (mavsumiy) yollanadigan fuqarolar uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash majburiyati – Qonunning 17-moddasi;
Ma’lumot uchun: Ushbu munosabatlar mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan to‘liq tartibga solinganligi sababli, fermer xo‘jaligiga bu tahrirda qo‘shimcha majburiyat yuklash zarurati mavjud emas.
7) qishloq xo‘jaligi o‘simliklarining zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan muhofaza qilinishini ta’minlash majburiyati – Qonunning 17-moddasi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 iyuldagi “Respublikada o‘simliklar karantini va himoyasi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, o‘simliklarni himoya qilish xizmatlari xususiy sektorlar tomonidan ham ko‘rsatilishi, xususiy sektorda o‘simliklar himoyasi sohasida xizmat ko‘rsatadigan yuridik va jismoniy shaxslarning xodimlarini sertifikatlash tizimining joriy etilishi belgilandi. Shuningdek, mazkur Farmonda ushbu xizmatlar uchun qator imtiyozlar belgilandi. Shu sababli, qonunda belgilangan fermer xo‘jaliklarining qishloq xo‘jaligi o‘simliklarining zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan muhofaza qilinishini ta’minlash majburiyati chiqarib tashlanishi taklif etilmoqda.
Shuningdek, fermer xo‘jaliklariga majburiyatlar faqat qonun orqali berilishi lozimligi, qonunosti hujjatlarida ularga majburiyat yuklatilishi maqsadga muvofiq emasligi asoslangan holda Qonunning 17-moddasi ikkinchi qismiga o‘zgartish kiritilmoqda.
LiveBarchasi