Surxondaryoda 5 gektar yerni 80 ming dollarga pullamoqchi bo‘lgan fermer qo‘lga tushdi
3-sahifa
−
24 Sentabr
2797To‘raqo‘rg‘on tumani Fermerlar kengashi, Urganch tumani hokimligi xodimi va G‘ozg‘on shahar kadastr bo‘limi boshlig‘i yer sotayotganda qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining mansabdor xodimi o‘zining turmush o‘rtog‘iga dehqonchilik qilish uchun ajratib berilgan 1 gektar yerni tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilib, 6900 AQSH dollari va 15 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, joriy yilning mart oyida ushbu yer maydoni mazkur mansabdor shaxsning turmush o‘rtog‘i tomonidan auksion orqali sotib olinib, aprel oyida tuman hokimligi bilan ijara shartnomasi tuzilganligi hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi ma’lum bo‘lgan.
Xorazm viloyatida kuzatilgan holatda Urganch tumani hokimligi xodimi 1977 yilda tug‘ilgan shaxs bilan o‘zaro kelishgan holda, aldov yo‘li bilan xaridorning ishonchiga kirgan.
Xususan, unga tuman hokimining 2018 yildagi qaroriga muvofiq, maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qurish maqsadida boshqa bir fuqaroga ajratib berilgan, biroq tasdiqlash uchun viloyat hokimining qarori chiqarilmasdan va tegishli tartibda kadastr hujjatlari ishlab chiqilmasdan, davlat ro‘yxatiga kiritilmay qolgan 1 gektar yer maydonida yengil tipdagi kottejlar qurish mumkinligini aytgan.
Shuningdek, tuman hokimining 2018 yildagi qarorini joriy yilda qabul qilingan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiqlashtirib berishni ma’lum qilgan.
Ammo ular xizmat evaziga 50 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 30 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sherigi bo‘lgan, kadastr va arxitektura faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xususiy firma rahbari ham ushbu pul mablag‘idan 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
Navoiy viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, G‘ozg‘on shahar kadastr bo‘limi boshlig‘i Nurota tumani hududida joylashgan va davlat zaxirasida bo‘lgan 1 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 6 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
DXX Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, Denov shahrida yashovchi 1974 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zining turmush o‘rtog‘i nomidagi fermer xo‘jalikka chorva ozuqa ekinlari ekish uchun ijara shartnomasi asosida ajratib berilgan 5,33 gektar yer maydonini kadastr idoralaridagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 80 ming AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.
“Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda” deyiladi xabarda.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr