Fermer MIBdan 355 mln so‘m undirdi
3-sahifa
−
06 fevral
14838Qashqadaryo viloyatida Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudi qarori bilan Majburiy ijro byurosidan tadbirkor foydasiga 355 million so‘m undirish belgilandi. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga Biznes ombudsman devoni mas’ul xodimi Ismoil Sayitov ma’lum qildi.
Gap Majburiy ijro byurosi Nishon tumani bo‘limi va tumandagi fermer xo‘jaliklaridan biri o‘rtasidagi ish haqida bormoqda. MIBning tuman bo‘limi 2022 yilning 1 fevralidan 23 oktyabrigacha fermer xo‘jaligidan jami 35 million so‘m qarzdorlikni undirishga oid 5 ta ijro ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risida qarorlar qabul qilgan. Biroq, davlat ijrochilari tomonidan qarzdor ijro ishi qo‘zg‘atilganligi to‘g‘risidagi qarorlar bilan tanishtirilmagan holda, garovda turgan haydov traktori xatlanib, fermer xo‘jaligining dalasidan oldindan ogohlantirilmasdan auksionda sotish uchun olib ketilgan.
Fermer esa qarzdorlik noto‘g‘ri hisoblanganini, oldindan bu haqida ogohlantirilganda masalaga oydinlik kiritib, qarzini to‘lagan bo‘lishini bir necha bor ta’kidlashiga qaramay, davlat ijrochilari bularni e’tiborsiz qoldirgan.
Masalaning yana bir jihati shundaki, 35 million so‘mlik qarzdorlik uchun undiruv nomutanosib miqdordagi mulkka, ya’ni 977 million 500 ming so‘m kredit mablag‘iga sotib olingan traktorga qaratilib, olib ketilgan.
Biroq “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 60-moddasida, tovarlar ishlab chiqarishda, ishlarni bajarishda yoki xizmatlar ko‘rsatishda bevosita qatnashadigan mulkiy huquqlarga, ko‘chmas mulk ob’ektlariga, shuningdek xomashyo va materiallar, dastgohlar, asbob-uskunalar, ishlab chiqarishda bevosita qatnashishga mo‘ljallangan boshqa asosiy vositalarga nisbatan undiruv uchinchi navbatda qaratilishi belgilangan.
Shundan so‘ng, Qarshi tumanlararo ma’muriy sudida mazkur masala ko‘rib chiqildi va unda Biznes ombudsman devonining Qashqadaryo viloyatidagi sho‘’basi xodimlari qatnashib, fermerning huquqlarini himoya qilishga urindi. Natijada, 2022 yilning 7 dekabrida traktor xatlovdan chiqarilib, fermerga qaytarildi.
Bu bilan ish yakunlangani yo‘q. Chunki traktor noqonuniy ushlab turilgan 49 kun davomida yetkazilgan zarar masalasi ochiq qolgan edi.
Shuning uchun ham, fermer xo‘jaligi MIBning Nishon tumani bo‘limidan 355 mln so‘m undirish to‘g‘risida Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritgan. Biroq 2023 yilning 7 aprelida sud da’voni rad etdi. Sud qaroridan norozi tomon Oliy sudgacha bordi va u oldingi sudlarning qarorlarini bekor qildi.
Kecha, 5 fevral kuni Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudida ish qayta ko‘rilib, fermer foydasiga Majburiy ijro byurosi Nishon tumani bo‘limidan 355 mln so‘m undirish to‘g‘risida qaror chiqarildi.
LiveBarchasi