Fattoh Shodiyev: O‘zbekistonda MDXMI filiali ochilishidan juda-juda mamnunman
Jamiyat
−
19 may 2019
6000Avvalroq, Toshkent shahridagi Simpoziumlar saroyida Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MDXMI) bitiruvchilarining V xalqaro forumi o‘tkazilayotgani haqida xabar bergan edik.
Forumda MDXMIning Vasiylik kengashi a’zosi, milliarder Fattoh Shodiyev nutq so‘zladi. O‘z nutqida biznesmen MDXMIda tahsil olganidan faxrlanishini aytib o‘tdi hamda 75 yillik tarixga ega ushbu nufuzli OTMning birinchi to‘laqonli filiali O‘zbekistonda ochilishi alohida ahamiyatga ega voqelik ekaniga to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ muxbiri xabar berdi.
"MDXMIning xorijiy davlatdagi birinchi filiali O‘zbekistonda ochilayotganidan xursandman. Men ushbu ta’lim dargohida eng yaxshi talabalik yillarimni o‘tkazganman. Biz o‘zbek bitiruvchilari bir kun kelib Toshkentda Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining filiali ochilishi mumkinligini hayolimizga ham keltirmagan edik. Bu O‘zbekiston yoshlari uchun katta imkoniyatdir. Men bundan juda-juda mamnunman!", dedi Fattoh Shodiyev.
Eslatib o‘tamiz, Forumning asosiy dasturi davlat idoralari va kompaniyalar rahbarlarining biznes uchrashuvlaridan iborat. Uchrashuv davomida ta’lim, madaniyat va investitsiya sohasida ikki tomonlama munosabatlar muhokama qilinadi.
Shuningdek, MDXMI, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda O‘zbekiston va Rossiyaning boshqa oliy o‘quv yurtlari mutaxassislari ishtirok etadigan tadbirda Markaziy Osiyodagi ko‘p tomonlama hamkorlik va xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspertlararo munozara bo‘lib o‘tadi.