Qozog‘istonda asli o‘zbekistonlik milliarderning jiyani qamaldi
Olam
−
21 iyul 2023
11504Asli kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan milliarder Fattoh Shodiyevning jiyani, qozog‘istonlik tadbirkor Orifjon Shodiyev “Asia Credit Bank”ga 16 milliard tenge miqdorida zarar yetkazgani uchun bir yarim yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda jurnalist Mixail Kozachkov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hukm bir necha kun avval Olmaotada e’lon qilingan.
Shodiyev bilan birga uning yordamchisi Mixail Solovev ham sudlangan. Aytgancha, yaqin vaqtgacha tadbirkor Forbes jurnalining qozoq nashri ro‘yxatida eng boy tadbirkorlar reytingida 40-o‘rinni egallagan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Shodiyev 2019 yil aprel oyida “Asia Credit Bank” egasi Nurbol Sulton bilan bank aksiyalarini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzgan. Bitim shartlariga ko‘ra, Shodiyev mulkdor bo‘lish uchun beshta kompaniyaning jami 16,7 milliard tenge kreditini to‘lashi kerak bo‘lgan. Tadbirkor ushbu shartlarga rozi bo‘lib, kredit majburiyatlarini o‘z zimmasiga olgan. Orifjon Shodiyev garov sifatida Olmaota shahri chegarasida joylashgan yettita yer uchastkasini taqdim etgan. Ammo bir oz vaqt o‘tgach, u yordamchisi Mixail Solovev bilan birga to‘satdan va’dalarini o‘zgartirdi.
“Jinoiy niyatini amalga oshirish uchun O.K.Shodiyev Solovevning Olmaota shahri, “Gorniy Gigant” MFY manzilidagi dehqon xo‘jaligini yuritish maqsadida, umumiy maydoni 109,6408 gektar bo‘lgan yer uchastkasi borligini bilib, u bilan jinoiy til biriktirgan. Jinoyat rejasiga ko‘ra, Shodiyev va Solovev yuqoridagi 7 ta yer uchastkalarini likvidligi past, teng bo‘lmagan, bankning kredit va garov siyosati talablariga javob bermaydigan yer uchastkasiga almashtirishga qaror qildilar”, deyiladi sud hukmida.
“Asia Credit Bank” litsenziyasidan ayrilganidan keyingina qoidabuzarlik yuzaga chiqqan. Buni bankning tugatish komissiyasi aniqlagan.
Oqibatda o‘z aybiga iqror bo‘lgan Orifjon Shodiyev bir yarim yilga, uning yordamchisi Mixail Solovev esa bir yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Ular jazoni yengil rejimli koloniyada o‘tashadi. Bundan tashqari, mahkumlar bankka yetkazilgan zararni to‘liq qoplashlari shart.
“Shodiyev boshqaruv funksiyalarini bajaruvchi moliya tashkilotining yirik ishtirokchisi bo‘lib, vakolatlaridan o‘z manfaatlari uchun foydalangan holda moliya tashkilotiga yirik miqdorda zarar yetkazgan”, deyiladi sud qarorida.