Fattoh Shodiyevning jiyani ozodlikka chiqdi
Olam
−
11 avgust 2023
10701Qariyb bir oy oldin “Asia Credit Bank”ga 16 milliard tenge miqdorida zarar yetkazgani uchun bir yarim yilga qamalgan qozog‘istonlik tadbirkor Orifjon Shodiyev ozodlikka chiqdi. Bu haqda “Tengrenews.kz” nashri xabar berdi.
Olmaota shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sud hay’atining qaroriga ko‘ra, Shodiyev va uning yordamchisi Mixail Solovevga nisbatan berilgan jazo shartli ravishda ozodlikka chiqarish bilan almashtirilgan.
“Orifjon Shodiyevga Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 250-moddasi 2-qismi bilan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlansin. Jinoyat kodeksining 50-moddasi 3-qismi asosida moliya tashkiloti, bank va sug‘urta xoldingining mas’ul xodimi lavozimlarini egallashni umrbod cheklash tarzidagi qo‘shimcha jazo tayinlansin. Uning xulq-atvori ustidan nazoratni amalga oshiruvchi vakolatli davlat organini xabardor qilmasdan doimiy yashash joyini o‘zgartirmaslik majburiyati yuklagan holda sinov nazorati o‘rnatilsin. Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinsin, zudlik bilan qamoqdan ozod etilsin”, deyiladi qarorda.
Uning yordamchisi Mixail Solovev moliyaviy tashkilotlarda rahbarlik lavozimlarini egallashni bir umrlik man etish bilan bir yilu olti oyga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan.
Eslatib o‘tamiz, asli kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan milliarder Fattoh Shodiyevning jiyani, qozog‘istonlik tadbirkor Orifjon Shodiyev “Asia Credit Bank”ga 16 milliard tenge miqdorida zarar yetkazgani uchun bir yarim yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Shodiyev 2019 yil aprel oyida “Asia Credit Bank” egasi Nurbol Sulton bilan bank aksiyalarini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzgan. Bitim shartlariga ko‘ra, Shodiyev mulkdor bo‘lish uchun beshta kompaniyaning jami 16,7 milliard tenge kreditini to‘lashi kerak bo‘lgan. Kredit majburiyatlarini o‘z zimmasiga olgan Shodiyev garov sifatida Olmaota shahri chegarasida joylashgan yettita yer uchastkasini taqdim etgan. Ammo bir oz vaqt o‘tgach, u yordamchisi Mixail Solovev bilan birga to‘satdan va’dalarini o‘zgartirgan.
LiveBarchasi