Qurolga aylangan tasvirlar
Tahlil
−
03 fevral 6058 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarga bolalarning surat yoki videosini joylashtirish ko‘plab ota-onalar uchun oddiy holga aylangan. Ayrimlar bundan zavqlansa, ayrimlar esa mashhurlik yoki daromad orttirishni ko‘zlaydi. Biroq bu kabi videokontentlarning salbiy tomonlari ham bor.
Internetga yuklangan har qanday kontent ustidan nazorat deyarli yo‘qoladi. Bolaning surati yoki videosi ko‘chirilishi, fotomontaj qilinishi, shantaj yoki tahdid vositasiga aylanishi mumkin. Amaliyotda o‘smirlar kibertahdid, haqorat va masxara sabab ruhiy bosim ostida qolib, ayrim hollarda jinoyatgacha boradi. Xususan, 14-15 yoshli qizlarning suratlari uyatli fotomontaj orqali shantaj qilinishi holatlari uchramoqda. Bu kabi bosim eng ayanchli oqibatlarga – o‘z joniga qasd qilishgacha olib borishi mumkin.
Bundan tashqari, internetda ochiq tarqalgan bolalar tasvirlari jinsiy moyillikka ega shaxslar uchun “oson o‘lja”ga aylanishi ehtimoli yuqori. UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har uchinchi internet foydalanuvchisi bola hisoblanadi. Soxta akkauntlar orqali bolalarning ishonchiga kirish, shaxsiy ma’lumot va tasvirlarni qo‘lga kiritishga qaratilgan “gruming” holatlari tobora ko‘paymoqda.
Shuningdek, yig‘layotgani, qo‘rqayotgani yoki uyalib turgani aks etgan bolalar suratlarini tarmoqqa joylashtirish ham kelajakda masxara va haqoratlarga sabab bo‘lishi mumkin. Psixologlar bunday holatlar bolada o‘ziga ishonchsizlik, ijtimoiy yopiqlik va ruhiy tushkunlikni kuchaytirishini qayd etgan.
Telefon – zamon talabi, ammo farzandni zararli kontent va g‘arazli shaxslardan himoya qilish birinchi navbatda ota-onaning mas’uliyatidir. Bugun layk uchun joylangan bitta surat ertaga bolaning butun hayotiga soya solishi mumkin. Internet unutmaydi. Bolalik esa himoyaga muhtoj.
Video tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu reportajni tomosha qiling.
Live
Barchasi