Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi SSV tuzilmasiga o‘tkazildi

Jamiyat

image

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasiga o‘tkazildi. Bu haqda Prezidentning “Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida keltirilgan.

Unga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ham SSV huzuriga o‘tkaziladi. 2026 yil yakunigacha tibbiy sug‘urta respublika bo‘ylab to‘liq joriy etilishi belgilandi.

2024 yil 1 yanvardan, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida quyidagilarni birlashtirish orqali yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi:

  • Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi;
  • Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasi;
  • Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi;
  • Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo‘yilgan bemor bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi.

Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari quyidagilarga sarflanadi:

  • sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari va Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi davlat tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, dasturiy mahsulotlar sotib olish va axborot-kommunikatsiya tarmoqlariga texnik xizmat ko‘rsatish;
  • tibbiy asbob-uskunalar, kompyuterlar, planshetlar, multimedia va tarmoq qurilmalari, dasturiy ta’minotlarni xarid qilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish va rivojlantirish;
  • sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari va Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi davlat tibbiyot muassasalarining xodimlarini xorijda tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, o‘qitish, malaka oshirish va tajriba almashishni respublikada tashkil etish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb etish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish;
  • sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi muassasalar va tashkilotlarning kadrlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirish;
  • onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklar bo‘yicha yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni amalga oshirish uchun mutaxassislarni, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish;
  • mahalliy va xorijiy ekspertlar va konsalting tashkilotlarini jalb qilish, sog‘liqni saqlash sohasidagi keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirish maqsadida ekspertlik guruhi faoliyatini tashkil etish va moliyalashtirish;
  • onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tegishli tibbiyot muassasalarini kapital va joriy ta’mirlash, qurish va rekonstruksiya qilish, ularga asbob-uskunalar, dori vositalari, tibbiy buyumlar, laboratoriya reaktivlari va boshqa sarflash vositalarini xarid qilish;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat asosida og‘ir kasallikka chalingan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning respublikada amalga oshirilmaydigan jarrohlik amaliyotlarini xorijiy mamlakatlarda o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash;
  • onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarga respublika hududidagi davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarining yuqori texnologik tashxis va davolash-profilaktika xizmatlarini xarid qilish xarajatlarini qoplash;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimi xodimlarini o‘qitish, qayta tayyorlash va stajirovkasini tashkil etish, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarga tashriflarini, O‘zbekiston hududidan tashqarida o‘tkaziladigan konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etishini, xizmat safariga yuborilishini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash;
  • oliy va o‘rta tibbiyot ta’lim muassasalarining iqtidorli talabalariga maxsus stipendiyalar to‘lashga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish;
  • Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasi va uning direksiyasi, institut va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga qaratilgan boshqa tadbirlarni hamda sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish.

Ma’lumot o‘rnida, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi o‘tgan yili oxiridagi ma’muriy o‘zgarishlar vaqtida SSV tarkibidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuriga o‘tkazilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi Salomatlik va strategik rivojlanish instituti etib qayta tashkil qilinishi haqida xabar bergandik.

Akobir Sayidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

SSV Farmatsevtika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing