O‘zbekistonda Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni belgilanishi mumkin
Jamiyat
−
12:10 554 1 daqiqa
O‘zbekistonda noyabr oyining ikkinchi yakshanbasini Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni sifatida belgilash taklif etilmoqda. Bu haqda bugun, 20 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “Farmatsevtika xodimlari kunini belgilash munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, amaldagi qonundagi “Tibbiyot xodimlari kuni” nomini “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni” deb o‘zgartirish nazarda tutilmoqda. Ushbu o‘zgarish farmatsevtika sohasi xodimlarining ham kasb bayramini belgilashga qaratilgan.
Qayd etilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 50 mingdan ortiq farmatsevtika mutaxassisi faoliyat yuritmoqda. Mamlakatda 504 ta farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona, 478 ta distribyutor tashkilot va 14 mingdan ortiq dorixona aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Qonun loyihasi “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarda qo‘llanilgan tushunchalar bilan uyg‘unlikni ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Loyiha qabul qilinishi farmatsevtika xodimlarining jamiyatdagi mavqeini oshirish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Majlisda qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborilgan.
Live
Barchasi