Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktoriga o‘rinbosar tayinlandi
Jamiyat
−
15 Oktabr
2966Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq Oybek Umurzoqovich Elmurotov Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Oybek Elmurotov 1999 yilda Toshkent moliya institutini tamomlab, mehnat faoliyatini “O‘zmilliybank” loyihani moliyalashtirish markazi mutaxassisi sifatida boshlagan.
Keyinchalik Moliya vazirligida bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, ushbu vazirlikning Yo‘l jamg‘armasi boshlig‘i o‘rinbosari, BMTning O‘zbekistondagi loyiha menejeri, “O‘zkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi departamenti boshlig‘i, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida boshqarma boshlig‘i kabi qator mas’ul vazifalarda mehnat qilgan.
Oybek Elmurotov tayinlovga qadar Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan Mahmarasul Do‘smatovich Umarov Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.