Farg‘onalik kelinlar dabdala qilgan zavodda ahvol qanday?

Jamiyat

image

“Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish investitsion loyihasini amalga oshirish doirasida chet ellik sheriklar tomonidan neft yetkazib berish boshlandi. Shu tariqa hududning eng yirik korxonasi faoliyatida yangi davrga debocha qo‘yildi”, deb yozmoqda O‘zA. 

Xabarda qayd etilishicha, hozirgi kunda ishga tushirilmagan quvvatlarni ishlab chiqarish jarayoniga jalb qilish boshlandi. Xususan, to‘rtta qurilma qaytadan ishga tushirildi. Zavodning eng katta muammosi – neft xomashyosining taqchilligi hal etildi. Bu mahsulot ishlab chiqarishning muttasil kamayishiga sabab bo‘lib kelayotgan edi.

Ilgari zavod oyiga o‘rtacha 60-65 ming tonna neftni qayta ishlagan bo‘lsa, endi bu ko‘rsatkich bosqichma-bosqich uch barobargacha oshiriladi. Kelgusida esa qayta ishlash hajmini 4-5 barobargacha ko‘tarish maqsad qilib qo‘yilgan. Buning natijasida hozirgacha 192 mutaxassis o‘z ish o‘rniga qaytdi, ularning soni 400 ga yetkaziladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil iyun oyida Farg‘ona viloyatiga amalga oshirgan tashrifi vaqtida viloyat faollari bilan yig‘ilish o‘tkazgan va viloyatdagi neftni qayta ishlash zavodini keskin tanqid qilgandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda yashin tezligida tarqalgan bir yarim daqiqalik audioyozuvda Shavkat Mirziyoyev Bosh vazirlik vaqtida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi faoliyatiga arashala olmaganini aytgan.

“27 yilda Farg‘onada bitta yangi korxona paydo bo‘lgani yo‘q. O‘sha eski FNPZni shunday tagi bilan metallolomga tashlasak, bizga foyda bo‘ladi. Bunda chiqayotgan mahsulot bir tiyinga qimmat. Agar bu zo‘r ishlaganda... bu mahsulotni o‘sha oldingi bu yerdagi, kechirasizlaru qo‘pol bo‘lsayam, kalamushlar egallab olmaganda edi... Bu zavodni dabdala qilib ketgan o‘sha FARG‘ONALIK KELINLAR. (!) Qo‘pol bo‘lsayam. Hammalaring tushunyapsizlar kim to‘g‘risida aytganimni.

Men o‘zimga so‘z berganman, bir og‘iz ham buyuk insonlarga nom keltirmaslikka. Nimaga desangiz, Sharof Rashidovichning hayoti men uchun juda katta o‘rnak bo‘lgan. O‘zimizni o‘zimiz ko‘mganmiz bir paytlar. Men bundan yiroqman, hech qachon bu narsa bo‘lmaydi. Lekin u kalamushlar qilgan Farg‘onani. Egallagan, hamma narsani dabdala qilgan. Buyam haqiqat! Shu Farg‘ona FNPZni ham ular egallagan edi. Men Bosh vazir bo‘lib aralashmaganman. Aralashganimda bu yerda o‘tira olmasdim. Xiyonat qilgan xalqqa nisbatan ular hammasi bir bo‘lib. To‘da bo‘lib, to‘da bo‘lib xiyonat qilgan. Bironta deputat ham, bironta... aytolmasdik. Nimaga desangiz, aytish mumkin emasdi. Uniyam bugun aytishim kerak. Birovga yoqadimi, yoqmaydimi vijdonimning oldida tozaman. To‘da o‘g‘irlagan Farg‘ona viloyatini. Kim to‘g‘risida aytganimni men hammalaring bilasizlar. U zamon tugadi endi”.

Prezident bir necha bor kim haqida gapirayotganini bilishlarini aytgan bo‘lsa ham, gap kim to‘g‘risida borayotganini aniq ochiqlamagandi.

Mirziyoyev nimaga sha’ma qilgandi. Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi kimga tegishli edi? Nega o‘sha vaqtlar hech kim miq etmagan? Boisi nima? Kishida bu kabi savollar tug‘ilishi tabiiy.

Ma’lumotlarga ko‘ra, zavod bir mahallar Tatyana Karimovaning jiyani Akbar Abdullayevga tegishli bo‘lgan. Akbar Abdullayev Tatyana Karimovaning opasi Tamara Sobirovaning o‘g‘li. 

O‘zbekistonda Gulnora Karimovaga ochilgan jinoyat ishidan keyin 2013 yilning oktyabr oyida uning jiyani Akbar Abdullayevga nisbatan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan Akbar Abdullayevga 164- “Davlat mulkini talon-taroj qilish” hamda 184- “Soliqlardan bosh tortish” moddalari bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan edi. Mazkur jinoyat ishiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi, poraxo‘rlik aybi ham ilova kiritilgan. 

Abdullayevga qarshi jinoyat ishi Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidagi tekshiruvlardan so‘ng boshlangan.

2012 yil yozida zavodning deyarli butun rahbariyati hibsga olingan.

Ularning ko‘rsatmalari asosida Akbar Abdullayev ham hibsga olinib, keyinroq qo‘yib yuborilgan. Xalqaro OAV qayd etishicha, Abdullayevning faoliyati bevosita va bilvosita Gulnora Karimovaning qanoti ostida bo‘lgan. 

Mazkur korxona o‘z vaqtida Farg‘ona vodiysidagi neft konlarini o‘zlashtirish va mintaqa davlatlariga neft mahsulotlarini yetkazib berish maqsadida bunyod etilgan. U hozirgi kunda ham uglevodorod xomashyosini qayta ishlash bo‘yicha mamlakatdagi eng yirik majmualardan biridir.  475 gektar maydon, 52 ta texnologik ob’ekt uning ulkan salohiyatidan dalolat beradi.

Lekin texnika va texnologiyalar eskirgani, ishlab chiqarish asosan importga bog‘liq bo‘lgani sababli korxona keyingi o‘n yilda norentabel bo‘lib qolgan edi. Yillik loyiha quvvati 6 million 450 ming tonna bo‘lgani holda ishlab chiqarish bor-yo‘g‘i 30 foizga tushib qolgandi.

Davlat rahbari joriy yil 21 fevral kuni neft-gaz va kimyo sanoatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini investorlarning ishonchli boshqaruviga berish vazifasini qo‘ygan edi. Shunga muvofiq 10 aprelda “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.

Mazkur modernizatsiya jarayoni Indoneziyaning “RT Trans Asia Resources” xorijiy kompaniyasi bilan hamkorlikda uch bosqichda amalga oshiriladi. Kompaniyaning sohada katta tajribasi, jahon bozorida o‘z o‘rni bor. Bu zavodni xomashyo bilan barqaror ta’minlash, uni jahon standartlari asosida qayta ishlab, ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berishga xizmat qiladi. Kelgusida yetakchi xalqaro kompaniyalardan iborat bo‘lgan konsorsium tashkil etish rejalashtirilgan.

Kelishuvga asosan, zavodga joriy yilning o‘zida kamida 300 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etiladi. Bu mablag‘ evaziga ikki oy davomida hozirda ishlamay turgan 11 qurilmaning 7 tasidan foydalanish tiklanadi. Buning natijasida 7 ming 100 ta ish joylari saqlab qolinadi, 450 kishi o‘z ish o‘rinlariga qaytadi.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini uch bosqichda modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Litsenziya egalari safiga AQSHning Honeywell UOP, Fransiyaning Axens, Daniyaning Haldor Topsoe va dunyodagi neftni qayta ishlash texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi boshqa yetakchi kompaniyalar kiradi.

Loyihani amalga oshirish uchun sarmoyador tomonidan GS kompaniyasi (Janubiy Koreya) mutaxassislari jalb qilinib, ular zavodni texnik ko‘rikdan o‘tkazdi. To‘plangan ma’lumotlardan korxonani modernizatsiya qilish loyihasini ishlab chiqishda foydalaniladi.

Birinchi bosqichda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi mahalliy bozor uchun ishlaydi, istiqbolda esa yuqori sifatli xaridorgir neft mahsulotlarini Tojikiston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston kabi qo‘shni davlatlarga yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Masalan, Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Afg‘oniston hukumatlararo komissiyasining 17 iyul kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi majlisi doirasida “Transasia Resources” kompaniyasi bilan Afg‘onistonga 1 million tonna neft mahsulotlari yetkazib berish to‘g‘risida bitim imzolangan. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Gulnora Karimova Akbar Abdullaev Farg'ona neftni qayta ishlash zavodi Tat'yana Karimova Farg'onalik kelinlar Tamara Sobirova

Baholaganlar

76

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing