Gulnora Karimovadan musodara qilingan pullar nimaga sarflanmoqda?

Jamiyat

image

Shveysariya hududida musodara qilingan O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning noqonuniy aktivlari sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga yo‘naltirilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Shveysariya hududida musodara qilingan noqonuniy aktivlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga ko‘ra, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga yo‘naltirilmoqda. Bu haqda 2022 yil 16 avgustda O‘zbekiston bilan Shveysariya o‘rtasida restitutsiya bitimi imzolangan. Mazkur bitim doirasida O‘zbekiston Respublikasi, Shveysariya va BMT hamkorligida BMTning ko‘p tomonlama trast jamg‘armasi huzurida “Ishonch” jamg‘armasi tashkil etilgan. Uning mablag‘larini yo‘naltirish uchun Strategik qo‘mita va Fuqarolik jamiyati maslahat kengashi tuzilgan.

Bitim doirasida birinchi transh uchun 131 million dollar mablag‘ni qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Jumladan, sog‘liqni saqlash sohasida respublikadagi 230 ta perinatal markaz uchun 23 turdagi 5 ming 841 dona zamonaviy tibbiy uskuna sotib olingan. Iqtisod qilingan mablag‘lar hisobidan yana 1 ming 400 dan ortiq tibbiy jihozlar olib kelinishi ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, BMT tashkilotlari tomonidan 11 ming nafardan ortiq tibbiyot xodimlari o‘qitilgan. Tug‘ruq muassasalarida tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 29 ta milliy protokol va qo‘llanmalar jahon standartlari asosida yangilangan.

Bildirilishicha, “Ishonch” jamg‘armasi hisobidan ta’lim sohasida mo‘ljallangan ishlar ikkita komponentga bo‘lingan holda amalga oshirilmoqda. Birinchisi bo‘yicha axborot texnologiyalari va raqamli yechimlarni kengaytirish orqali ta’lim imkoniyatlarini oshirish loyihasi ishga tushirilgan.

“Ikkinchi komponentga asosan, xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda, maktablarda sanitariya-gigiyena tizimini yaxshilash, isitish tizimini modernizatsiya qilish, maktablarni boshqarishga jamoatchilikni jalb qilishga qaratilgan loyiha taklifi ishlab chiqilgan. Shu munosabat bilan, Shveysariya hududida musodara qilingan noqonuniy mablag‘lar O‘zbekiston xalqi manfaatlari yo‘lida qaytarilganini olqishlaymiz. Bu kelishuvga va ijtimoiy loyihalarga hissa qo‘shayotgan barcha xalqaro tashkilotlar vakillariga minnatdorlik bildiramiz”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Toshkent shahrida O‘zbekiston tomonidan Adliya vaziri Akbar Toshqulov hamda Shveysariya tomonidan Shveysariyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy o‘rtasida “Musodara qilingan aktivlarni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim” imzolangandi. Bitim doirasida taxminan 182 mln dollar miqdoridagi mablag‘lar O‘zbekistonga qaytarilishi belgilangan.

Mazkur mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi ayrim fuqarolari tomonidan noqonuniy orttirilgan bo‘lib, 2012 yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan Gulnora Karimovaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ish yurituvi doirasida to‘laqonli musodara qilingan edi. Mablag‘lar Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Uzbekistan Vision 2030 Fund” Ko‘p sheriklik trast jamg‘armasi orqali qaytariladi.

Keyinroq, Belgiyaning Bryussel prokuraturasi Musodara qilingan mol-mulkni boshqarish markaziga (COIV) Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lishi mumkin jami 108 million dollarni mamlakat davlat g‘aznasi hisob raqamiga o‘tkazish bo‘yicha iltimosnoma yuborgandi. Bryussel prokuraturasining talabiga binoan, sud jinoyat yo‘li bilan olingan mablag‘larni ikkala davlat o‘rtasida taqsimlash kerak degan xulosaga kelgan. Bu qaror Yevropa Ittifoqining ikki a’zo davlati o‘rtasida musodara qilingan mablag‘larni taqsimlash bo‘yicha mavjud qonuniy mexanizmga o‘xshash prinsip asosida qabul qilingan. Ushbu sud qaroriga muvofiq, 108 million dollar O‘zbekistonga o‘tkazilishi belgilangan. Biroq bayonotda mazkur mablag‘larning qaysi jinoyat va kim bilan bog‘liq ekani oshkor qilinmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Gulnora Karimova Shveytsariya noqonuniy aktivlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing