Farg‘onadagi “zapravka”da yuz bergan portlash aybdoriga sud hukmi o‘qildi
3-sahifa
−
30 iyun 16871 2 daqiqa
Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahrida joylashgan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida dahshatli portlash sodir bo‘lgani yuzasidan aybdorlarga sud hukmi o‘qildi. QALAMPIR.UZ ushbu sud hujjati bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, kuchli portlash “XK FARG‘ONA LAYLI NAHOR” xususiy korxonasida sodir bo‘lgan. Unga Mansur Matkarimov icmli shaxs rahbarlik qilgan. U shoxobcha hududiga hech qanday hujjatsiz mashinalarga propan gazini to‘ldirish uskunalarini va 1 dona 5 tonnalik va 2 dona 2,5 tonnalik gaz saqlovchi konteynerlarni o‘rnatgan.
Qolaversa, ularni o‘rnatish ishlarini ham noqonuniy ravishda o‘z tanishlari orqali amalga oshirgan. 2024 yilning dekabr oyida esa Matkarimov propan gazini sotish huquqini beruvchi litsenziyasiz boshqa bir MCHJdan og‘zaki kelishuv asosida gaz mahsulotlarini olib, mashinalarga sotib kelgan. 2024 yilning 16 dekabr kuni aynan o‘sha MCHJdan 158 mln so‘mlik 19,8 tonna propan gazini sotib olgan. Ushbu gaz 2024 yilning 17 dekabr kuni soat 12:45 da shoxobcha hududiga olib kelingan. Uni quyish jarayonida 5 tonna hajmli konteyner yorilgan hamda gaz tashqariga sizib chiqib, portlash sodir bo‘lgan.
Oqibatda 1 nafar fuqaro voqea joyida halok bo‘lgan, shu hududda bo‘lgan bir necha fuqarolar turli darajada tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan ulardan 3 nafari shifoxonada vafot etgan. Umumiy olganda, 4 fuqaro ushbu portlash oqibatida halok bo‘lgan.
Ushbu ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sud hukmiga ko‘ra, Mansur Matkarimov Jinoyat kodeksining 190-moddasi (faoliyat bilan litsenziyasiz yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz yoxud xabarnoma yubormasdan shug‘ullanish) 5-qismi, 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “b” bandi, 257-moddasi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) 2-qismi “a”,“b” bandlari va 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a”,“b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilishda aybli deb topilgan hamda unga 3 yil tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Qolaversa, Mansur Matkarimovdan 4 nafar qurbonning qonuniy vakillariga 310 mln so‘mdan jami 1 mlrd 240 mln so‘m ma’naviy zarar, 12 nafar fuqaroviy da’vogarlarga esa jami 2 mlrd 358 mln so‘m moddiy zarar undirish belgilangan.