Farg‘onadagi “Yoshlar ko‘li” hududi turarjoy qurish uchun berib yuborildi
Jamiyat
−
06 mart
5135Farg‘ona shahri markazidagi “Yoshlar ko‘li” hududi mehmonxona, restoran, savdo majmuasi va turarjoy qurish uchun, ochilganiga hali bir oy to‘lmagan firmaga berib yuborildi. Bu haqda O‘zA ma’lum qildi.
Aytilishicha, maydoni 2,2 gektar bo‘lgan sun’iy ko‘l, 2020 yilda ta’mirlangan, obodonlashtirilgan, toza suv bilan ta’minlab turish uchun quduqlar chiqarilgan. 2021 yildan keyingi uch yil davomida u suv bilan to‘ldirilmagan, yozda ham faoliyat ko‘rsatmagan.
“Farg‘ona shahridagi bu ko‘l kelajakda iqtidorli yosh sportchilarni tanlashda eng asosiy o‘ringa ega degandim. Mana endi hozirga kelib, havzada suv yo‘q, uni to‘ldirish imkoniyati bo‘lmadi. Tik quduq orqali olinayotgan suv uchun sarflangan elektr quvvatiga pul topilmadi. Shuning uchun asta-sekinlik bilan barcha mashg‘ulotlarimiz to‘xtab qoldi. Ko‘l ko‘p xizmat qilishi kerak edi bu sport turi uchun”, degan Farg‘ona viloyati Kanoe federatsiyasi ijrochi direktori Nasriddin Xoliqov “Farg‘ona haqiqati” gazetasi muxbiriga.
Kuni kecha Farg‘ona markazidagi “Yoshlar ko‘li”da buzish ishlari boshlangan. Ma’lum bo‘lishicha, u Farg‘ona viloyati hokimining 2024 yil 29 yanvardagi qaroriga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tganiga hali bir oy ham to‘lmagan “Unays building” MCHJga mehmonxona, restoran, savdo majmuasi va turarjoy qurish sharti bilan doimiy muddatga berilgan.
Amaldagi qonunchilik va me’yoriy hujjatlarda yer maydoni emas, balki bo‘sh turgan binolargina tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun foydalanib turishga biriktirilishi mumkinligi belgilangan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Dilshod To‘lqinovning bildirishicha, oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilmagan, sababi ob’ekt sotilmagan, tadbirkorga foydalanish uchun topshirilgan.
Ma’lumot uchun, prezident farmoni bilan 2021 yil 1 avgustdan boshlab hokimliklarning yerni to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yo‘l bilan tasarruf qilishga oid vakolatlari bekor qilingan.
Farg‘ona viloyati hokimligi bu borada hozircha rasmiy munosabat bildirmadi.
Sarvar Xurramov
LiveBarchasi