Farg‘onadagi karaokeda halok bo‘lgan fuqarolarning o‘limi sababi aytildi
3-sahifa
−
29 iyul 2023
18670Bugun, 29 iyul kuni Farg‘onadagi 4 qavatli binoning yerto‘lasida joylashgan karaoke kafesida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 6 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi Farg‘ona shahriga yetib borib, o‘rganish ishlarini olib bordi, deya xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
“O‘rganish ishlari davomida dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 6 nafar fuqaro yong‘indan chiqqan tutundan zaharlanish oqibatida halok bo‘lgan. Sud-tibbiy ekspertizaning dastlabki xulosasi ham shunday. Hukumat komissiyasining ishi davom etmoqda. Hodisa yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi”, deyiladi xabarda.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, hukumat komissiyasi tuzilgan. Qayd etilishicha, jabrlanganlarga SSV Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona viloyati filialida zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bugun 29 iyul kuni Farg‘onadagi 4 qavatli binoning yerto‘lasida joylashgan karaoke kafesida yong‘in chiqdi. Oqibatda 6 kishi halok bo‘ldi. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi