Farg‘onadagi fojiali yong‘in bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
3-sahifa
−
29 iyul 2023
9498Bugun, 29 iyul kuni Farg‘onadagi 4 qavatli binoning yer to‘lasida joylashgan karaoke kafesida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 6 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Hozirda holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tuzilgan hukumat komissiyasi bir hafta davomida vafot etganlarning oila a’zolariga hamda jabrlanganlarga tibbiy, moddiy, psixologik jihatdan yordam ko‘rsatadi.
Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligidagi komissiya:
• yong‘in sodir bo‘lgan binoning yerto‘lasida ishlatilayotgan texnika qurilmalari belgilangan talablarga muvofiqligini;
• baxtsiz hodisa yuz berishining texnik va tashkiliy sabablarini;
• elektr uskunalari va jihozlarining montaj ishlari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilgan holda sifatli bajarilganini;
• jabrlanuvchilarning harakatlari (harakatsizligi)ni, ular tomonidan qurilmalardan xavfsiz foydalanish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga amal qilinganini;
• baxtsiz hodisa sabablarini tavsiflovchi ashyoviy dalillarni;
• baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan joyning holati bo‘yicha barcha o‘zgarishlarni;
• elektr uskuna va jihozlarining turi, rusumi, ularning joylashuv o‘rni va texnik holatini;
• dudburon va shamollatish kanallarining loyiha hujjatlariga va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiqligini;
• ob’ektda baxtsiz hodisa kelib chiqishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan omillarni har tomonlama o‘rganib chiqadi.
Tekshirish yakunlari va jabrlanganlarga ko‘rsatilgan yordamlar yuzasidan hisobot Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda baxtsiz hodisa sabablarining chuqur tahlili hamda Komissiyaning takliflari asosida kelgusida shu kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi va uning bajarilishi ta’minlanadi.