Farg‘onada yana 4 nafar bemor butunlay tuzaldi
Jamiyat
−
18 aprel 2020
4337Farg‘ona viloyatida yana 4 kishi koronavirus kasalligini yengib o‘tdi. Bu haqda bugun, 18 aprel kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.
“Farg‘ona viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan ham koronavirus infeksiyasiga chalingan 4 nafar bemor butunlay sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi“, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, sog‘ayganlarning uch nafari (ikki nafari Toshkent shahridan, bir nafari esa Andijon viloyatidan) charter reys orqali Turkiyadan Farg‘onaga kelgan bo‘lib, Oltiariq faxriylar sanatoriysida karantinga olingan edi. Ularda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Bir nafar farg‘onalik bemor koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirgan. Bemorlarning 3 nafari erkak, bir nafari ayol bo‘lib, ular orasida eng yoshi kattasi 59 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 22 yoshda.
Shunday qilib, Respublikada koronavirusdan sog‘ayganlar soni 168 nafarga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. 4 nafari vafot etgan. Mavjud bemorlar soni 1278 kishini tashkil qilmoqda.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi