Farg‘ona tibbiyot instituti tashkil etiladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidentining “Jamoat salomatligi va sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi xizmatlari sohasida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlashni takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Farg‘ona viloyat xokimligining:

Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filiali negizida Farg‘ona jamoat salomatligi va profilaktik tibbiyot institutini (keyingi o‘rinlarda – Institut) tashkil etish;

Farg‘ona viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi negizida Farg‘ona jamoat salomatligi va profilaktik tibbiyot instituti klinikasini (keyingi o‘rinlarda – Institut klinikasi) tashkil etish;

Farg‘ona viloyati ko‘p tarmoqli kattalar va bolalar tibbiyot markazlari, viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi, tuman (shahar) sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari, OITSga qarshi viloyat markazi, oilaviy poliklinikalar tarkibidagi salomatlik markazlari Institutning amaliyot bazalari etib belgilash to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.

Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

jamoat salomatligi va profilaktik tibbiyot, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik, inson sog‘lig‘ini muhofaza qilish sohalari uchun yuqori malakali kadrlarini milliy va xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlash;

yetakchi xorijiy tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda malakali mutaxassislarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan sohalar uchun qo‘shma ta’lim va akademik mobillik dasturlari asosida kadrlar tayyorlash;

zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash jarayoniga ilg‘or ta’lim texnologiyalari, shu jumladan, masofaviy o‘qitish uslublarini joriy etish;

o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirishda, shuningdek ilm-fan, ishlab chiqarish va amaliyot oldida turgan dolzarb vazifalarni hal etishga yo‘naltirilgan  ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borishda respublika va xorijiy yetakchi tibbiyot oliy ta’lim, ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik qilish;

yuqori malakali professor-o‘qituvchilar va mutaxassislarni jalb etgan holda sanitariya-epidemiologiya, profilaktik tibbiyot sohasiga ehtiyoj yuqori bo‘lgan tarmoqlar uchun tibbiy-sanitariya kadrlarini qayta tayorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini tashkil etish;

respublika va xorijiy tibbiyot oliy ta’lim, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va ilmiy-tadqiqot muassasalariga istiqbolli yoshlarni klinik ordinatura, magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Institutning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish;

jamiyat salomatligini muhofaza qilish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va kasalliklar profilaktikasi sohalarida davlat organlari va boshqa tashkilotlar uchun dalillarga asoslangan tibbiyot prinsiplari asosida samarali muvofiqlashtirish qoidalarini ishlab chiqish;

jamiyat salomatligini muhofaza qilish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi, kasalliklar profilaktikasi, parazitologiya, mikrobiologiya, virusologiya, sog‘lom turmush tarzini rivojlantirish masalalari bo‘yicha istiqbolli innovatsion, fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish.

Quyidagilar belgilanadi:

Institut Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filialining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

Institutga qabul har yili belgilanadigan O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari doirasida amalga oshiriladi;

Institut klinikasi muassisi Institut hisoblanadi hamda uning faoliyati Institut tomonidan muvofiqlashtiriladi;

Institut va Institut klinikasi — yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan, tegishlicha davlat oliy ta’lim muassasasi va davlat tibbiyot muassasasi hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi bank hisobvaraqlariga ega bo‘ladi;

Institut Farg‘ona viloyatidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari va tibbiyot kollejlarida aniq fanlar buyicha dars mashg‘ulotlarini olib boruvchi o‘qituvchilarga doimiy ravishda ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatib boradi;

Institut va Institut klinikasi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida faoliyat yuritadi;

Institut klinikasi bosh shifokori yashirin ovoz berish yo‘li orqali Institut ilmiy kengashining taqdimnomasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Institut klinikasi faoliyati:

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tashxis qo‘yish (diagnostika) va davolash standartlariga rioya qilgan holda imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga order berish, ularni shifoxonaga joylashtirish va davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga davolash qiymatini to‘lash, shuningdek, aholiga pullik asosda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish;

shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bemorlarni shifoxonaga joylashtirish;

respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari daromadlarini shakllantirishning asosiy manbalari va ular faoliyatini moliyalashtirish bo‘yicha normativ-huquqiy xujjatlarda belgilangan qoidalar asosida tashkil etiladi.

Institut klinikasi quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:

o‘ziga biriktirilgan davlat mulkidan samarali foydalanish va uni boshqarish bo‘yicha ishlarni tashkil etish hamda amalga oshirish;

Institut bilan kelishgan holda lavozimlar ro‘yxati va sonini ishlab chiqish va tasdiqlash;

xodimlar mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlarini bajariladigan ishlarning murakkablik darajasi, sifati va hajmiga nisbatan tabaqalashtirilgan tarzda belgilash.


Maqola muallifi

Teglar

tibbiyot instituti

Baholaganlar

25

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing