Andijon tibbiyot institutining qator rahbarlari ishdan bo‘shatildi
Jamiyat
−
09 avgust 2023
8765Kecha, 8 avgust kuni Sog‘liqni saqlash vaziri Amirullo Inoyatov boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda Andijon davlat tibbiyot institutining qator rahbarlari faoliyatida jiddiy kamchilik va qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygani sababli lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda tibbiyot institutidagi korrupsion holatlar tanqid ostiga olinib, oliy o‘quv yurti mas’ullariga bu borada jiddiy e’tirozlar bildirilgan. Shu bilan birga, oliygohning 5 nafar mas’ul xodimi ishdan bo‘shatilgan.
Jumladan, institut bosh hisobchisi A.Raxmonov, Kadrlar bo‘limi boshlig‘i D.Nazarova, Reja-moliya bo‘limi boshlig‘i A.Axmedova, Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i X.Aliyev va O‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i Q.Yusupovlar faoliyatida jiddiy kamchilik va qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yganligi sababli egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.
Shuningdek, institut rektori M.Madazimovni “korrupsion holatlarni yuzaga kelishiga sabab bo‘luvchi holat va shart-sharoitlarni bartaraf etishda qat’iyatsizlik ko‘rsatgani va korrupsiyaga oid jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ygani sababli” lavozimidan ozod etish to‘g‘risida taklif tayyorlash belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sog‘liqni saqlash vaziri Amirullo Inoyatov oilaviy poliklinika va mahalla tibbiyot punktlarini tashkil etish bo‘yicha Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlarini bajarishda yo‘l qo‘ygan sustkashligi uchun, qator viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarma boshliqlariga “hayfsan” bergan edi.
LiveBarchasi