Farg‘onada soxta DXX xodimi qo‘lga olindi

Jamiyat

image

Farg‘onada odamlarni chuv tushirib yurgan soxta DXX xodimi qo‘lga olindi. U bor-yo‘g‘i 25 yoshda bo‘lgan. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda

Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida yashovchi Hamdamjon Yunusjonov mavsumiy ishlar bilan shug‘ulib yurgan. Yigit tadbirkor D.Sodiqova bilan tanishib qoladi hamda uning xususiy bog‘cha ochish niyatida yurganidan xabar topadi. Unga dastlab Departamentning Farg‘ona viloyat boshqarmasi xodimi ekanligini aytib, imtiyozli kredit olishida yordam berishini aytadi. Hatto tadbirkor bilan bu masalada Toshkent shahriga borib, bir qator yuqori idoralarga kirgan.

Keyinchalik u DXXning Oltiariq tuman bo‘limi tezkor xodimi degan soxta guvohnoma yasab, tadbirkor tanishiga shu idorada ishlashini ma’lum qiladi. Qalbaki guvohnomaga D.Sodiqovaning yakka tadbirkorlik muhrini unga bildirmasdan bosib oladi. Albatta, bu bejizga emas edi. Ishxonada hayfsan olgani va oylik ish haqi kam chiqqanini D.Sodiqovaga aytib aldab, undan 600 ming so‘m olgan va shaxsiy ehtiyoji uchun ishlatib yuborgan.

Firibgarning tuzog‘iga yana bir o‘lja ilinadi. Sh.Sultonova bilan joriy yilning yanvar oyida Farg‘ona shahrida uchrashib qolib, o‘zini “Temur” deb tanishtirgan. U singlisining tug‘ilgan kuniga tillo taqinchoq olib berishi uchun 100 dollar berib turishligini so‘rab, undan yonida bo‘lgan 875 ming so‘m pulni olgan. Shuningdek, Sh.Sultonovadan onasining betobligini aytib 500 ming so‘m, narxi 2 million 400 ming so‘m bo‘lgan uyali telefonini ham olib, telefonni sotib yuborgan.

Firibgarlikni tanlagan 25 yashar yigitning nayranglari uzoqqa bormadi. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan uning jinoyati fosh etilib, qalbaki xizmat guvohnomasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Mazkur ish jinoyat ishlari bo‘yicha Yozyovon tuman sudida ko‘rib chiqilib, H. Yunusjonovga nisbatan tegishli jazo tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

DXX

Baholaganlar

262

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing