Farg‘onada ona-bola shifokorni do‘pposladi
Jamiyat
−
29 yanvar 2020
15619Ijtimoiy tarmoqlarda yuzi qonga belangan hamshiraning ayanchli holati tasvirlangan surat tarqaldi. Holat Farg‘onada yuz bergani aytilgan ushbu surat jamoatchilikning muhokamasiga sabab bo‘ldi. Mazkur hodisa yuzasidan Farg‘ona viloyati SSB o‘rganish o‘tkazdi.
Ma’lum bo‘lishicha, kecha, 28 yanvar kuni Farg‘ona shahridagi 2-oilaviy poliklinikada tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish holati yuz bergan. Dastlabki o‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, voqea shu kuni soat 14:30-15:00 lar atrofida ultratovush tekshiruvi (UTT) o‘tkaziladigan xonada sodir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, ultratovush tekshiruvi o‘tkazuvchi shifokor Mashhura Toshmatova va unga biriktirilgan hamshira Matluba Ma’murova odatdagidek bemorlarni navbat bilan qabul qilishayotgan bo‘lgan.
“Fuqarolarni navbat bilan qabul qilib tekshiruvdan o‘tkazayotgan edik. Navbat 1992 yilda tug‘ilgan bir bemor qizga yetib kelganida, u bilan birga xonaga yosh bola ko‘targan ona ham kirdi. Yosh bolali ayol bolasi kasalligi, injiqlik qilib tinimsiz yig‘layotgani, tashqarida ham 3 yoshli farzandi sovuqda izillab turgani, ikkita bola bilan qiynalib ketganini aytib, navbatsiz ko‘rikdan o‘tkazib qo‘yishni iltimos qildi. Shunda men navbati yetib kirgan qizga “Agar rozi bo‘lsangiz shu bolali ayolni sizdan oldin ko‘rib qo‘ysam”, deb ruxsat so‘radim. Qiz esa taklifimga ko‘nmay, o‘zining kasal ekanini aytib, navbatini bermadi. Shu bois uning o‘zini tekshirishni boshladim. Shu jarayonda qizga yosh bolali ayolga navbatini bersa qanchalik savob ish qilgan bo‘lishi mumkinligini tushuntirib nasihat qildim”, deydi shifokor Mashhura Toshmatova.
Shifokor qizni puxta tekshiruvdan o‘tkazib, belgilangan tartibda tashxis qog‘ozini yozib beradi. Qiz esa eshitgan nasihatdan asabiylashib, xonadan chiqib ketadi. Ko‘p o‘tmay xonaga yoshi katta bir ayol bilan kirib keladi. Ayol uning onasi bo‘lib, birgalikda tibbiy ko‘rikdan o‘tgani kelishgan ekan.
Ayol UTT xonasiga kiriboq “Nega qizimni haqorat qilasanlar?” deb baqira boshlaydi. Tibbiyot xodimlari vaziyatni harchand tushuntirishsa ham, ayol ularni eshitmay UTT shifokoriga elektr choynakni otib yuboradi. Shunda hamshira ayolni tinchlantirmoqchi bo‘lib, uning yoniga kelganida jazavaga tushgan ona va bola hamshiraga ochiqchasiga tajovuz qilib, qo‘li bilan urib, oyoqlari bilan tepib tan jarohati yetkazadi.
To‘s-to‘palonni eshitib boshqa xodimlar xonaga chiqib, ona va bolani tashqariga bazo‘r olib chiqib ketadilar. Poliklinika ma’muriyati darhol tez tibbiy yordam bo‘limiga, voqea haqida profilaktika inspektoriga xabar berishdi.
Tez yordam mashinasi kelib, yuzi qonga belanib, xushidan ketgan hamshirani o‘ziga keltirib, birinchi yordam ko‘rsatgach, og‘ir holatda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga olib ketishadi.
Filialda bemorni neyroxirurg va boshqa malakali mutaxassislar ishtirokida ko‘rikdan o‘tkazilib, yopiq kalla miya jarohati, bosh miya chayqalishi, burun suyagi sinishi, burundan qon ketishi tashxisi bilan ro‘yxatga olinib, markazning neyroxirurgiya bo‘limiga statsionar davolanish uchun yotqizildi.
Hozirda bemorga zarur davo muolajalari amalga oshirilmoqda.
Ichki ishlar organlari tomonidan mazkur holat bo‘yicha zarur hujjatlar yuritilib, dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
“Shuni qo‘shimcha qilish joizki yuqoridagi janjalkash ona-bolalar tomonidan 2019 yil 18 yanvar kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali 3-tez tibbiy yordami podstansiyasi hamshirasi Dilafro‘z Bozorovaga tahdid qilgan bo‘lib, ularga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmagan edi.
O‘ylaymizki, bu safar mazkur voqeaga tez orada huquqiy baho beriladi”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi