Farg‘onada nega non uchun navbatlar paydo bo‘lgani aniqlandi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona shahar markaziy Dehqon bozori oldidagi “Saxovat issiq non” MCHJ savdo do‘konida qolipli non uchun navbat yuzaga kelgani tasvirlangan videolavha tarqaldi. Farg‘ona viloyati hokimligi Matbuot xizmati holatga izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur holat Farg‘ona shahar hokimi Vosiljon Nazarov, sektor rahbarlari hamda boshqa mas’ullar ishtirokida o‘rganilgan. 

Aniqlanishicha, tadbirkor avval arzon narxda sotib olingan undan tayyorlangan nonni kecha, 1 iyun kuni kun davomida 1500 so‘mdan sotuvga chiqargani xaridor gavjum bo‘lgan bozor hududida navbatni yuzaga keltirgan.

Eslatib o‘tamiz, 1 iyundan boshlab O‘zbekistonda "buxanka" non narxi oshdi. Toshkentda 1600 so‘mdan sotilgan qolipli non 2800 so‘mdan sotila boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 11 may kuni o‘tkazilgan don mahsulotlari korxonalarida transformatsiya jarayonlarining natijadorligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilishda fermer va klasterlar o‘zi yetishtirgan g‘allani 1 iyuldan boshlab birjada sotishni boshlashi haqida ko‘rsatma bergandi.

Moliya vazirligi vakilining ta’kidlashicha, O‘zbekistonda bug‘doyning birjada sotilishi narxlarning barqarorlashishiga va kelgusida pasayishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, Ukrainadagi vaziyat tufayli birdan ikki eng asosiy bug‘doy yetkazib beruvchi xalqaro bozordan uzilib qoldi. Ukrainaning bug‘doy eksporti portlarning qo‘ldan ketishi ortidan to‘xtagan bo‘lsa, Rossiya ichki bozordagi ta’minotni bahona qilib, g‘alla sotishni taqiqladi. Bu ham yetmaganidek, jahon g‘alla bozorining uchinchi asosiy o‘yinchisi Hindiston ham bug‘doy eksportini chekladi.

Qayd etish kerakki, Vazirlar Mahkamasining “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 866-sonli Qarori bilan 2019 yil 15 oktyabrdan “O‘zdonmahsulot” AJ tizimidagi tashkilotlar tomonidan 2019 yil hosilidan tayyorlangan va un ishlab chiqarishga yo‘naltiriladigan bug‘doydan boshqa g‘alla iste’molchilarining barcha toifalariga faqat birja savdolari orqali hech qanday cheklovlarsiz sotilishi belgilandi. Shundan so‘ng, non narxi 650-700 so‘mdan 1400 so‘mga ko‘tarilgandi. Keyinroq narx yana biroz oshib, 1600 so‘mga yetgan.


Maqola muallifi

Teglar

non

Baholaganlar

184

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing