Farg‘onada “kofechilar” ushlandi (video)
3-sahifa
−
14:23 3577 1 daqiqa
Farg‘onada 65 mln so‘mga tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi modda bo‘lgan ozdiruvchi qahva mahsuloti va biologik qo‘shimchalarni sotayotgan fuqaro ushlandi. Bu haqda Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda Farg‘ona shahrida tezkor tadbir o‘tkazgan.
Tadbir davomida fuqaro shartli xaridorga oldindan kelishilgan 65 mln so‘m evaziga ozish uchun mo‘ljallangan 4 turdagi kofe va biologik qo‘shimchalarni sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Shundan so‘ng, uning ko‘rsatmasiga asosan O‘zbekistonda bo‘lib turgan xorijiy davlat fuqarosi ham ushlangan va tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 2 turdagi qahva mahsulotlarining jami 4 860 donasi tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi “sibutramin” moddasi mavjudligi aniqlangan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xorijdan tarkibida psixofaol va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan giyohvand moddalarni O‘zbekistonga olib kelib, ularni sotmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi