Farg‘onada xotini va bolasini vahshiylarcha o‘ldirgan erkakka sud hukmi o‘qildi

Jamiyat

image

Joriy yilning 11 may kuni Farg‘onada o‘z ayoli va o‘n uch yoshli farzandini bolta dastasi bilan shafqatsizlarcha urib o‘ldirgan shaxsga nisbatan  hukm o‘qildi. 

Ma’lum qilinishicha, jinoyat Furqat tumani, Qo‘qonboy qishlog‘ida yashovchi Yo‘ldoshevlar xonadonida sodir etilgan. Voqeadan bir kun avval er va xotin o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqan. Oila boshlig‘i ro‘zg‘or uchun yig‘ib qo‘ygan pul mablag‘idan 500 ming so‘mini olib, dorixonadan dori sotib olish uchun chiqib ketayotgan vaqtida, xotini kech bo‘lganda uydan chiqib ketayotgani va ko‘p miqdorda pul olganiga e’tiroz bildirgan. 

Jinoyatchining ko‘rsatmasiga ko‘ra, ayoli uning erkaklik sha’niga dog‘ tushiruvchi uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgani uchun g‘azabi vahshiyona tus olgan. U xotini va voyaga yetmagan farzandini qasddan o‘ldirish maqsadida, yashayotgan uyining hovlisida bolta dastasi uchun mo‘ljallangan yog‘och bilan ona-bolaning bosh va boshqa sohalariga shafqatsizlarcha ko‘p marotaba urib, qasddan o‘ldirgan. 

Sudyaning ma’lum qilishicha, sudlanuvchi Yo‘ldoshev o‘z qo‘llari bilan o‘ldirgan rafiqasi uning ikkinchi xotini ekani, u bilan turmush qurgan vaqtdan boshlab, murosaga kela olmagani va shuning uchun ichkilikka ruju qo‘yganini aytgan.

Shuningdek, sud majlisida, marhuma erini "aroq iskanjasi”dan qutqaraman deb ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylagani, bu oila bilan mahalla faollari va uchastka inspektori ko‘p marotaba muloqot qilgani, ammo sudlanuvchi ham, uning rafiqasi ham to‘g‘ri xulosa chiqarmagani aytilgan

Bundan tashqari, er ayolini yengil tabiatlik, buzuqlikda ayblab, voyaga yetmagan farzandini o‘zining farzandi emasligi gumoni ostida yashab kelgan. Ammo, hech qanday sabab aybdorni jazodan ozod eta olmadi.

Ta’kidlanishicha, qotil O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi, ikkinchi qismi “a” va “j” bandlari bilan aybli deb topilib, sud jabrlanuvchilar qonuniy vakillarining qonuniy chora ko‘rish haqidagi davosini, ayblanuvchining aybiga qisman iqror va pushaymonligini, muqaddam sudlanganlik holati tugallanganini inobatga olib, u ayblanayotgan moddada nazarda tutilgan 22 yil uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasining xulosasiga ko‘ra, fuqaro Yo‘ldoshevda jinoyatni sodir etish paytida hech qanday ruhiy buzilish belgilari aniqlanmagan. U o‘z harakatlarining ahamiyatini anglash va boshqara olish qobiliyatiga ega bo‘lgani, majburiy davolanish choralariga muhtoj bo‘lmagani aniqlangan.


Maqola muallifi

Teglar

qotillik sud jinoyat dastak

Baholaganlar

539

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing