Kurs UZS

USD

12 920.44

5.44

EUR

14 252.54

295.3

RUB

153.52

-0.03

2024 yil fojiasi. Qarindosh-urug‘ va tanish-bilish o‘rtasidagi qotilliklar

Tahlil

O‘zbekiston 2023 yilda “Xavfsizlik tushunchalari” (SPI) indeksiga ko‘ra jahondagi eng xavfsiz mamlakat deb e’tirof etilgandi. Indeksda 121 davlatni o‘zida jamlagan ro‘yxat shakllantirilgan. Reytingni shakllantirish uchun fuqarolar yashayotgan davlatida qanchalik o‘zini xavfsiz his qilishi haqida global so‘rovnoma o‘tkazilgan. So‘rovnomaning asosini mamlakatdagi oziq-ovqat, suv tanqisligi, zo‘ravonlik darajasi, ob-havo sharoiti, ruhiy holat, ish joyidagi xavfsizlik tashkil qilgan. Xususan, O‘zbekiston xavf-xatar darajasi eng kam – 0,072 foiz bilan 1-o‘rinda qayd etilgandi.

Mana 2024 yil ham oxirlab qoldi. Joriy yil O‘zbekiston uchun qiziqarli va bir vaqtning o‘zida tashvishli voqealar bilan esda qoldi. Ayrim voqealar nafaqat shov-shuvga, balki chuqur tahlilga ham arziydi. Bularning barchasini sarhisob qilish vaqti keldi chamasi. Bugun biz siz bilan 2024 yilda sodir bo‘lgan eng dahshatli jinoyatlarni ko‘rib chiqamiz.

3 yoshli bolaning vahshiylarcha o‘ldirilishi

Bu yil sodir bo‘lgan eng dahshatli jinoyat bu 3 yoshli go‘dakning vahshiylarcha o‘ldirilishi bo‘ldi. Gap shundaki, 9 iyul kuni tungi soat 3 lar atrofida Toshkent shahri Yashnobod tumanida 31 yoshli erkak o‘zi bilan birga qonuniy nikohdan o‘tmasdan yashab kelgan ayolning birinchi turmushidan tug‘ilgan 3 yashar o‘g‘lini og‘u ta’sirida pichoqlab, o‘ldirgan. Bunday qotillikka nima sabab bo‘lganini qarang. Erkak ayolning telefonda boshqa bir kishi bilan gaplashayotganini eshitib qolib, jahl ustida bolani pichoqlab tashlagan. U o‘ziga tegishli “kapalak” yig‘ma pichog‘i bilan bolaning onasi xonadonning ayvon qismida ekanidan foydalanib, go‘dakning tanasini ustiga chiqib, vahshiyona va g‘ayriinsoniy usulda pichog‘ining o‘tkir tig‘li sanchuvchi qismi bilan norasidani onasining ko‘z o‘ngida chap ko‘zi, chap qoshi, qovoq, lunj, chakka, burun va o‘ng peshona sohalariga bir necha marotaba sanchib, ko‘z kosasi tubini teshib o‘tib, bosh miya yarim sharini jarohatlagan holda o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirgan.

29 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqildi. Prokuror suddan qotilga umrbod qamoq jazosi berishni so‘radi.

E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v”, “j” bandlari, 25, 97-moddasi 2-qismi “b”, “g”, “j”, “r” bandlari, 219-moddasi 2-qismi va 251-1-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida 24 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shu bilan birga Jinoyat kodeksining 50-moddasi 9-qismiga asosan sudlanuvchiga tayinlangan jazoning dastlabki 4 yilini turmaga qamash tariqasida va qolgan qismini qattiq tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.

Bir oilaning 5 a’zosini o‘ldirgan qarindosh

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, shu yilning iyul oyida yana bir qotillik yuz berdi. Ammo bu safar 1 emas, naq 3 go‘dak hayotdan bevaqt ko‘z yumdi. Yodingizda bo‘lsa kerak, 26 iyul kuni soat tonggi 06:19 larda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida erkak qarindoshi bilan orasidagi kelishmovchilik sabab uning uyini yoqib yuborgan edi. Xabarga asosan FVBning Yong‘in qutqaruv qismi o‘t o‘chiruvchilari voqea joyiga yetib borgan va kelib chiqqan yong‘inni bartaraf etgan.

Xonadonni ko‘zdan kechirish davomida 1991 yilda tug‘ilgan erkak, uning 1999 yilda tug‘ilgan ayoli, 2021 va 2022 yilda tug‘ilgan farzandlari hamda 2018 yilda tug‘ilgan qiz jiyanining murdalari turli tan jarohatlari bilan topilgan. Bir kundan keyin gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan. Bu jinoyatni sodir etgan 29 yoshdagi shaxsning aytishicha, u ushbu jinoyatni qarz sababli sodir etgan. 4 oy davom etgan tergov harakatlari nihoyasiga yetganidan so‘ng, ish hujjatlari sudga yuborilib, joriy yilning 15 noyabr kuni birinchi instansiya sud majlisi boshlandi.

Dastlab Jinoyat kodeksining faqatgina 97-moddasi bilan ayblangan erkakka keyinchalik Jinoyat kodeksining shu moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “a”, “v”, “j”, “z”, “i” bandlari, 118-moddasi (Nomusga tegish) 1-qismi, 134-moddasi (Qabrni tahqirlash), 164-moddasi (Bosqinchilik) 3-qismi “v”, “g” bandlari va 173-moddasi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan ayblovlar qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. 28 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida sud majlisi o‘z nihoyasiga yetib, sud hukmi o‘qildi. Sudlanuvchi yuqorida sanalgan moddalarni sodir etganlikda aybli deb topilib, Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Qotil jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.

7 yashar qiz jiyanini o‘ldirgan amma

Yana bir bolaning bevaqt o‘limiga sabab bo‘lgan holatni ko‘rib chiqsak. Shu yilning bahorida Toshkent viloyati Bo‘ka tumani Cho‘lobod qishlog‘ida yashovchi amma o‘zining 7 yashar jiyanini urib o‘ldirgandi. Bekobod tumani Zafar shaharchasida yashovchi er-xotin ikki nafar qizini singlisining qaramog‘iga ishonib topshirgan va Rossiyaga ishlagani ketgan. Ota-onasi xorijda ishlab yurganda, bolalar har kuni kaltak yeb, ammasi tarafidan zulm ko‘rgan.

Shunday kunlarning birida, 12 mart kuni soat kechki 01:00 da ayol akasining 2017 yilda tug‘ilgan  kichik qizi dars tayyorlamagani va yolg‘on gapirganini vaj qilib, o‘ta shafqatsizlik bilan qo‘li va yog‘och bo‘lagi bilan uning tanasining turli joylariga urib, tan jarohati yetkazgan. Bu voqeadan keyin shu kunning o‘zidayoq Bo‘ka tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 13 mart kuni ammaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Oradan ikki kun o‘tib, 15 mart kuni tuman markaziy tibbiy birlashmasida ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, qizaloq jonlantirish bo‘limida vafot etdi. Bolaning ota-onasi janozaga ham yetib kelolmadi. Shifokorlarning aytishicha, qizcha “onamga ayting, men uni yaxshi ko‘raman, bizni tashlab Rossiyaga ketmasinlar”, deya jon taslim qilgan.

Mazkur ish sudda ko‘rib chiqildi va 7 yoshli go‘dakni o‘ldirgan ammaga 5 yil qamoq jazosi tayinlandi.

Onasini o‘ldirgan o‘g‘il

Yuqoridagilar jigarlar tomonidan sodir etilgan yagona qotillik emas, xususan Surxondaryo viloyatida 27 yoshli o‘g‘il onasidan spirtli ichimlik iste’mol qilish uchun pul so‘ragan, ammo ona pul berishdan bosh tortgan, oqibatda o‘g‘il mast holatda uyiga kelib, onasi bilan janjallashgan va uni bolta bilan chopib tashlagan. Sud majlisida o‘g‘ilga nisbatan nisbatan 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Opasini o‘ldirgan uka

Tasavvur qiling, ukangiz sizga gap qaytarsa, qo‘l ko‘tarsa, o‘zingizni qanday his qilasiz? Hayolingizdan nimalar o‘tadi? O‘ldirib qo‘ysa-chi? Bo‘lishi mumkin emas, deysizmi! Buni qarangki, xuddi shu viloyatda, ya’ni Surxondaryo viloyatida 16 yoshli o‘smir o‘zidan ikki yosh katta opasini yigitlar bilan uchrashib yurganlikda ayblab, uni qasddan urib o‘ldirgan. Voqea joriy yilning 11 avgust kuni yuz bergan. Uka opasining boshiga, tanasining turli joylariga tayoq va metall jism bilan urib tan jarohati yetkazgan. Oqibatda qiz voqea joyida jon taslim qilgan.

Shu kunning o‘zida Muzrabot tuman prokuraturasi tomonidan ukaga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, uka jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

                                                                                      O‘g‘lini o‘ldirgan ota

Yuqoridagi sarlavha qanchalik dahshatli va achinarli yangrayapti? Holatni ko‘rib chiqsak, joriy yilning  1 sentyabr kuni Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani “Toshobod” mahallasida yashovchi 72 yoshli ota 41 yoshli o‘g‘lini pichoqlab o‘ldirgan. Ota-bola avvaliga janjallashgan. Janjal oqibatida ota yashash xonadonidan oshxona pichog‘ini olib, uni o‘g‘lining ko‘krak qafasi yuqori chap tomon qismiga naq yuragiga bir marotaba urib, og‘ir tan jarohati yetkazgan. Olgan tan jarohatlari oqibatida o‘g‘il reanimatsiya bo‘limida vafot etgan.

Voqea sodir bo‘lgandan  bir kun o‘tib, 2 sentyabr kuni Oltiariq tumani prokuraturasi tomonidan otaga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Temir bilan xotini va qaynonasini urib o‘ldirgan er

Joriy yilning 1 avgust kuni Andijon viloyatida  er xotini va qaynonasini temir bilan urib o‘ldirdi. Holat  ertalab soat  08:30 larda Paxtaobod tumanida sodir bo‘lgan. Shu tumanda yashovchi 1983 yilda tug‘ilgan erkak oilaviy kelishmovchilik sabab ayoli va qaynonasi bilan o‘zaro janjallashib, ikkalasiga temir jism bilan tan jarohati yetkazgan. Olingan tan jarohatlari oqibatida qaynona voqea joyida, turmush o‘rtog‘i esa shifoxonada vafot etgan. Prokuratura holat yuzasidan Jinoyat kodeksining  97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Samarqandda er xotinini pichoqlab, o‘ldirdi. Navoiyda xotin erini zaharlab o‘ldirdi. Kuyov oilaviy masalaga aralashgan qaynota-qaynonasini pichoqlab o‘ldirdi. Toshkentda erkak ayolini pichoqlab o‘ldirdi. Bunday sarlavha ostidagi qotilliklar deyarli kunda-kunora sodir bo‘ladi. Barchasini o‘rganib chiqsangiz, deyarli sababi bir, oilaviy-maishiy kelishmovchiliklar.

Xorazmda ayol mehmonini o‘ldirib, hovlisiga ko‘mdi

O‘zbek xalqida mehmon otangdek ulug‘ degan naqlni eshitganmisiz? Xorazmda ayol bu naqlga zid ravishda uyiga kelgan mehmonni o‘ldirib, hovlisiga ko‘mib yubordi.

Ha, xuddi shunday vaziyat joriy yilning 17 aprel kuni sodir bo‘lgan. Urganch shahrining “Hamjihatlik” mahallasida yashovchi 38 yoshli ayol uyiga kelgan tanishi bilan janjallashib, uni o‘ldirgan. Ayol o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan 49 yoshli ayolni qo‘ng‘iroq orqali uyiga taklif qilgan. Mehmondorchilik davomida ular o‘rtasida pul oldi-berdisi bo‘yicha nizo kelib chiqqan. Oqibatda mezbon ayol mehmonni ro‘mol bilan bo‘ynidan bo‘g‘ib o‘ldirgan, marhumaning murdasini esa uyining hovlisiga chuqur kovlab, ko‘mib yuborgan. Joriy yilda sodir bo‘lgan qotilliklarni ko‘rib chiqar ekanmiz, ularning ko‘pi qarindosh-urug‘lar tomonidan sodir etilgan begonalar tomonidan emas. Nahotki bunga sabab bo‘layotgan arzimagan sabablar butun bir boshli insonni o‘ldirishga arzisa!

Video boshida O‘zbekistonda zo‘ravonliklar sodir etilmagani, xavf-xatarsiz bo‘lgani uchun 2023 yilda dunyodagi eng tinch mamlakat deb topilganini ma’lum qilgandik. Bu yil-chi? Nima deb o‘ylaysiz, yuqoridagi qotilliklardan keyin ham bu reytingdagi o‘rnin saqlanib tura olarmikan. Buni izohlarda yozib qoldiring. QALAMPIR.UZ’ni kuzatishda davom eting.
 


Maqola muallifi

Teglar

sud jinoyat qotil bola xotin 2024 yil ota ona amma o‘g‘il

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing