Farg‘onada kambag‘allik darajasi 5,2 foizga tushdi
Jamiyat
−
12:18 1305 2 daqiqa
Bugun, 28 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahrida Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Davlat rahbari avvalo keyingi yillarda viloyat iqtisodiyotida ro‘y bergan o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tgan.
Ilgari viloyat daromadining 70 foizi neft-kimyo va qurilish materiallari sohasidagi 6-7 ta yirik korxona hisobidan shakllanardi.
O‘tgan davrda viloyatda 8 milliard 200 million dollar investitsiya evaziga 8 mingta zamonaviy quvvatlar ishga tushgan, tadbirkorlik uchun 100 trillion so‘m resurs berilgan, tijorat maydoni 10 million kvadratga ko‘paygan, 13,5 ming kichik va o‘rta korxona tashkil etilib, ularning soni qariyb 2 karra o‘sgan.
Natijada yalpi hududiy mahsulot 1,7 barobarga, sanoat 1,5 barobarga, xizmatlar 3 barobarga oshgan. Asosiysi, so‘nggi to‘rt yilda ishsizlik 9,2 foizdan 4,6 foizga, kambag‘allik darajasi 11,6 foizdan 5,2 foizga tushgan.
Mahalliy budjet bo‘yicha hokimlarga juda katta imkoniyat yaratilgani uchun bu yil birinchi chorakda har bir tumanda kamida 5-10 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ qolgan.
Qayd etilishicha, aholining uy-joy sharoitini yaxshilash bo‘yicha ham katta o‘zgarishlar bo‘lmoqda.
Masalan, ilgari Marg‘ilonda bir xonadonda o‘rtacha 2-3 oila yashardi. Bir yilda Ipakchi va Qirguli mahallalarining o‘zida 241 ta eski hovlilar o‘rnida 2,5 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar barpo etilgan. Marg‘ilonning Navro‘z mahallasida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massiviga bu yil yana 6,5 ming oila ko‘chib kirishi rejalangan.
Bunday ishlar Yozyovon, Quva tumanlari, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlarida ham jadal ketmoqda.
So‘nggi o‘n yilda Farg‘onada 74 ming o‘rinli maktab, 145 ming o‘rinli bog‘cha hamda 3 ming koykali shifoxonalar ishga tushirildi. Shu bilan birga, 167 ta xususiy maktab paydo bo‘lgan, ularda 40 mingdan ortiq o‘quvchi ta’lim olyapti.
Ta’lim sifati keskin oshgani uchun yoshlarning oliygohga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha viloyat respublikada 3-o‘ringa ko‘tarilgan.
Live
Barchasi