Farg‘onada diniy materialni tarqatgan shaxs javobgarlikka tortildi
3-sahifa
−
11 may 2023
7103Farg‘ona viloyatida noqonuniy diniy mazmundagi materialni tarqatgan shaxsga nisbatan jarima belgilandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, shu yilning 4 yanvar kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani Ichki ishlar boshqarmasi terrorizmga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida tumanning Qizilbog‘ MFYda yashovchi fuqaro M.R.ga tegishli “iPhone XS” rusumli telefon apparati ko‘zdan kechirilganda, Instagram ijtimoiy tarmog‘ida profil ochib, ushbu profil orqali diniy mazmundagi audio va video ma’ruzalarni tarqatib kelayotganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Bag‘dod tumani IIB tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-moddasi prim 2-moddasi bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Bag‘dod tumani sudiga yuborilgan. Sud huquqbuzar M.R.ga yuqoridagi moddaga asosan, 900 ming so‘m miqdorda jarima jazosi tayinladi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida Telegram'dagi guruhga nashid tarqatgan 20 yoshli yigit 3 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Ayblanuvchi J.U.ga tegishli bo‘lgan iPhone-X rusumli mobil aloqa vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda u o‘zi foydalanayotgan telefon raqamiga ochilgan Telegram profili yordamida o‘zbek tilidagi “Shahid bo‘lib ketsak rozi bo‘lingiz” nomli “jihod” va “hijrat”ga da’vat qiluvchi diniy mazmundagi nashidlarni 10 nafar a’zosi bo‘lgan “Alhamdulillah” nomli guruhga tarqatganligi aniqlangan. Shu yilning 8 may kuni chiqqqan hukmga ko‘ra J.U. jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish moddalari bilan ayblanib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.